Jahon | 21:00 / 12.01.2023
4320
2 daqiqa o‘qiladi

BMT qarorgohida «Tinchlik sammiti» o‘tkaziladi 

Tadbir Ukraina tashabbusi bilan tashkil etilmoqda, Rossiya unda ishtirok etmaydi. 

Foto: Getty Images

24 fevral kuni, Ukrainadagi urush boshlangan sanada Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohida «Tinchlik sammiti» o‘tkaziladi. Bu haqda Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasiliy Bodnar «Anadolu» axborot agentligiga ma’lum qildi. Rossiya bu tadbirda ishtirok etmaydi. 

Vasiliy Bodnar so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan ziddiyatni tinch yo‘l orqali hal qilish faqatgina rus qo‘shinlari Ukraina hududidan olib chiqilishi natijasida amalga oshirilishi mumkin. Bu haqdagi rejani prezident Vladimir Zelenskiy ham taqdim qilgan.

2022 yil 27 dekabr kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba mamlakatning BMT maydonida Rossiya ishtirokisiz «tinchlik sammiti» tashkil etish niyati borligini ma’lum qildi. 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova «tinchlik sammiti» tashabbusini aqldan ozgan g‘oya deb atadi va buni Kiyev «holdan toyib borayotgani» bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ochiq-oydin bo‘lib turgan vaziyatni tan olmaslik orqali o‘zini qutqarishga harakat qilmoqda. 

Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan G7 forumida Vladimir Zelenskiy o‘nta shartga asoslangan «tinchlik formulasi»ni taklif qilgan edi. Shartlar orasida radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, barcha mahbuslarni ozod qilish, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish va Ukrainaning 1991 yilgi chegaralaridagi suverenitetini tan olish bor. Rossiya bu shartlarni nomaqbul deb atadi va ularni ko‘rib chiqishdan bosh tortdi. 

Shu bilan birga, Kreml Kiyev qo‘shib olingan hududlarni Rossiyaniki deb tan olmasdan turib, tinchlik rejasini amalga oshirish mumkin emasligini ta’kidladi.  

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid