O‘zbekiston | 20:28 / 12.01.2023
17341
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston eng xavfli davlatlar reytingida 99-o‘rinda qayd etildi 

Mamlakatimiz jinoyatchilik darajasi past bo‘lgan davlatlar qatoridan joy oldi. 

Foto: Kun.uz

World Population Review portali tahlilchilari har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan jinoyatlar soni bo‘yicha dunyoning eng xavfli davlatlari reytingini tuzdi. 

Tadqiqotchilarning fikricha, reytingning dastlabki uch qatorini Venesuela, Papua-Yangi Gvineya va Janubiy Afrika egallagan: ro‘yxatdagi o‘rin qanchalik baland bo‘lsa, jinoyatchilik darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi. «Yetakchi» mamlakatlarning jinoyatchilik indeksi mos ravishda 83,76, 80,79 va 76,86 ni tashkil qiladi. 

O‘zbekiston 33,42 indeks bilan 99-o‘rinda qayd etildi. Qozog‘iston 53,77 indeks bilan 40-o‘ringa, Qirg‘iziston 56,87 indeks bilan 31-o‘ringa, Rossiya 39,99 indeks bilan 86-o‘ringa, Xitoy 30,14 indeks bilan 108-o‘ringa qo‘yildi. 

136 ta davlatdan iborat reytingning so‘nggi pog‘onasida Tayvan, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar joylashgan. Bu mamlakatlarda jinoyatchilik darajasi eng past. 

Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, jinoyatchilik darajasi turli mamlakatlarda juda farq qiladi va ko‘plab omillarga bog‘liq. Masalan, qashshoqlik va ishsizlikning yuqori darajasi mamlakatda jinoyatchilik darajasini oshiradi. Aksincha, politsiya nazorati va qattiq jazolar jinoyatchilik darajasini pasaytiradi.

Shuningdek, yosh va jinoyatchilik o‘rtasida kuchli bog‘liqlik bor, deydi tahlilchilar, aksariyat jinoyatlar, ayniqsa zo‘ravonlik jinoyatlari 20-30 yoshda sodir bo‘ladi. 

Mavzuga oid