Jahon | 23:45 / 12.01.2023
36006
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada -75°S sovuq tushgani haqida xabar berildi 

Krasnoyarsk o‘lkasidagi Yessey qishlog‘ida mahalliy aholi havo harorati -75°S ga tushganini aytdi. Meteorologlar buni tasdiqlay olmasligini ma’lum qilishdi.

Foto: tvknews.ru

Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasidagi Yessey qishlog‘ida havo harorati -73-75 °S gacha tushdi. Rossiyada meteorologik o‘lchovlar boshlanganidan beri (1926 yildan boshlab) rekord darajadagi past harorat -71°S bo‘lib, Yoqutistonning Oymyakon qishlog‘ida qayd etilgan edi. 

Yesseyda havo harorati -75°S gacha tushgani haqida mahalliy aholi ma’lum qildi. Markaziy Sibir gidrometeorologiya va atrof-muhit monitoringi departamenti (MSGD) aholi xabarini tasdiqlay olmadi, chunki Yesseyda ob-havo stansiyasi yo‘q. 

Mahalliy fuqaro Andrey Miroshkoning aytishicha, 10 yanvardan 11 yanvarga o‘tar kechasi qishloqqa -73-75 daraja sovuq tushgan. «Xo‘sh, bugun havo -64°S, lekin kecha Naberejnaya ko‘chasidagi fotosurat -72°S va hatto undan uchta bo‘linma pastroq bo‘lganini ko‘rsatgan edi. Bu esa amalda -75°S», dedi u. 

Miroshko so‘zlariga ko‘ra, g‘ayritabiiy sovuqda bosh og‘riydi, nafas olish qiyinlashadi, ammo o‘tin, suv bor, qishloqda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmagan, do‘konlar ham ishlamoqda. 

MSGD ma’lumotlariga ko‘ra, Yesseyga eng yaqin aholi punktlarida ob-havo stansiyalari -53-54°S sovuqni ko‘rsatmoqda. 

«Yesseyda ob-havo stansiyasi yo‘q, shuning uchun buni rasman tasdiqlay olmayman. U yerda mahalliy termometrlar -75°S darajani ko‘rsatishi mumkin, ammo ularning ishonchliligiga shubha qilaman... Biz buni tasdiqlay yoki inkor eta olmaymiz», dedi MSGD xodimi Dmitriy Ulyanov. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid