AQSh «Vagner» guruhi faoliyatini tugatish niyatida
«Vagner» XHK butun dunyo bo‘ylab askarlarni yollashga harakat qilmoqda va Qo‘shma Shtatlar bunga toqat qilmoqchi emas, dedi Davlat departamenti maslahatchisi Derek Sholle.
Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi faoliyati va uning Serbiya hamda dunyo boshqa mamlakatlarida askar yollashga urinishlari AQSh rasmiylarini jiddiy xavotirga solmoqda. Bu haqda 12 yanvar, payshanba kuni AQSh Davlat departamenti maslahatchisi Derek Sholle Belgradga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
«Biz «Vagner» guruhi Serbiya va boshqa mamlakatlardan askarlarni yollashga urinayotganini ko‘ryapmiz va biz bunga toqat qilmaymiz, - dedi Sholle Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan uchrashgandan so‘ng jurnalistlarga. - Serbiyada biz o‘z xavotirlarimiz haqida gapirdik va hukumat bilan Belgradda hamda bu guruh mavjud bo‘lgan boshqa joylarda faoliyatini to‘xtatish uchun hamkorlik qilishni kutmoqdamiz», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi AP.
«Vagner» XHK jangchilari Ukrainadagi jangovar harakatlarda faol ishtirok etyapti, rasmiy ravishda RF Mudofaa vazirligiga hisobot bermayapti. XHKdagi ko‘plab ko‘ngillilar Rossiya koloniyalarida yollanib, olti oylik xizmatdan keyin ular afv etilyapti. Rasmiy ravishda Rossiyada yollanma harakat RF Jinoyat kodeksining 359-moddasiga binoan taqiqlangan va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Sholle, shuningdek, Serbiyani Ukrainaga bostirib kirishi sababli Rossiyaga qarshi joriy etilgan G‘arb sanksiyalariga qo‘shilishga chaqirdi. «Rossiya har kuni Ukrainaga qarshi shafqatsiz, asossiz urush olib bormoqda. Biz bu xatti-harakatni qabul qilib bo‘lmasligini ta’minlash uchun birlashishimiz kerak», - dedi u.
Serbiya Belarusdan tashqari o‘zining slavyan ittifoqchisi bo‘lgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashdan bosh tortgan yagona Yevropa davlati bo‘lib qolmoqda. Noyabr oyida Vuchich Belgrad Moskvaga qarshi cheklov choralarini faqat «boshiga qilich kelsagina» qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
17:22
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
15:52 / 16.11.2024