Jahon | 14:00 / 14.01.2023
6890
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukraina uchun tanklar masalasini tezroq hal qilishga chaqirdi

Ukraina uzoq vaqtdan beri G‘arbdan unga Leopard jangovar tanklarini yetkazib berishni talab qilib kelyapti. Bunday yetkazib berish faqat Germaniyaning ishlab chiqaruvchi mamlakat sifatidagi roziligi bilan amalga oshishi mumkin.

Foto: Reuters

Germaniyada hukmronlik qilayotgan «svetofor koalitsiyasi»ning bir qator siyosatchilari mamlakat hukumatini Ukrainaga nemis Leopard jangovar tanklarini yetkazib berish masalasini imkon qadar tezroq hal qilishga chaqirdi. "Mening fikrimcha, hamkorlarning jangovar tanklar masalasida imkon qadar tezroq qarori qabul qilinishi o‘ta muhimdir", deb ma’lum qildi 13 yanvar, juma kuni Germaniya Sotsial-demokratik partiyasining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Mixael Rot Deutschlandfunk radiostansiyasiga bergan intervyuda. O‘z navbatida, Erkin demokratik partiyaning tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Mari-Agnes Shtrak-Tsimmerman aytishicha, Germaniya Leopard'ni eksport qilish uchun ruxsatnoma berishi kerak.

Ukraina uzoq vaqtdan beri G‘arb davlatlaridan Leopard tanklari yetkazib berilishini so‘rayapti. Joriy haftada Polsha xalqaro koalitsiya tarkibida Kiyevga bunday tanklar yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qilganidan so‘ng ushbu mavzu bo‘yicha bahslar kuchaydi. Biroq, bu Germaniyaning ishlab chiqaruvchi mamlakat sifatidagi roziligini talab qiladi. Germaniyaning o‘zi bunday koalitsiyada ishtirok etishga tayyormi yoki yo‘qligi hali noma’lum.

Germaniya hukumati hali yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q. Shuningdek, Polshadan Ukrainaga Leopard tanklarini eksport qilish bo‘yicha rasmiy so‘rov bo‘lmagan. Mixael Rot har qanday holatda ham Germaniya hukumatidan qat’iy rad javobini eshitmaganligini ta’kidladi. «Men qurol tizimlari masalasida qizil chiziq ko‘rmayapman», dedi u.

Bundestagdagi Sotsial-demokratik partiya fraksiyasi raisi o‘rinbosari Dirk Vizening ta’kidlashicha, tanklar masalasi hozir hukumat va ittifoqchilar bilan kelishib olinmoqda hamda yaqin orada qaror qabul qilinishi mumkin.

O‘z navbatida, Bundestagning qurol-yarog‘lar bo‘yicha komissari Yeva Xyogl Leopard tanklari Ukrainaga Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda «hal qiluvchi yordam» berishi mumkin, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid