O‘zbekiston | 19:22 / 16.01.2023
12687
2 daqiqa o‘qiladi

«Hududgaz Buxoro» mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Buxoro viloyatidagi 3 ta metan gaz quyish shoxobchasida 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilingani aniqlangan.

Foto: Hududgaz Buxoro

Buxoro viloyati prokuraturasi, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari va «O‘zneftgazinspeksiya» mutaxassislari hamkorligida Buxoro viloyatidagi metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatini o‘rganish jarayonida bir qancha qonunbuzarliklar aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

«Aniqlanishicha, «D.D» MChJga qarashli 2 ta shoxobcha va «O.B.G» MChJga qarashli 1 ta shoxobcha gaz quvurlariga o‘rnatilgan «Avtopilot-PRO» rusumli gaz hisoblash uskunalari tekshirilganda, implyus trubkasiga o‘rnatilgan tamg‘ani o‘g‘rilik qilish maqsadida boshqa tamg‘aga almashtirib, gaz hajmini sun’iy ravishda kamaytirilgan holda ko‘rsatilishiga erishilgan. Buning oqibatida, «D.D» MChJga qarashli 2 ta shoxobcha tomonidan 11,1 mlrd so‘mlik hamda «O.B.G» MChJga qarashli shoxobcha tomonidan 15,1 mlrd so‘mlik jami 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilinib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan», deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 207-modda 1-qismi hamda «D.D» MChJ va «O.B.G» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi ko‘rilgan. Tergov harakatlari Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid