Jahon | 13:06 / 16.01.2023
4943
3 daqiqa o‘qiladi

Oxfam: Dunyoda haddan tashqari qashshoqlik haddan tashqari boylik bilan birga ortib boryapti

2020 yildan beri dunyo boyligining qariyb uchdan ikki qismi eng boy 1 foiz odamlar hissasiga to‘g‘ri keldi, deb yozadi Oxfam. Bu qolgan 99 foizdan deyarli ikki baravar ko‘p.

Foto: Reuters

Jahonda chorak asrda birinchi marta bir vaqtning o‘zida o‘ta qashshoqlik va o‘ta badavlatlik darajasi oshib boryapti. Korporatsiyalar va ularning egalari turli inqirozlardan foyda ko‘ryapti. Bu 16 yanvar, dushanba kuni Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumining birinchi kunida e’lon qilingan Oxfam xayriya tashkilotlari assotsiatsiyasi yillik hisobotida aytilgan.

«Eng boylarning omon qolishi» deb nomlangan hisobotda aytilishicha, jami 26 trillion dollar yoki 2020 yildan beri COVID-19 inqirozi davrida to‘plangan global boylikning deyarli 62 foizi eng boy 1 foiz odam qo‘liga o‘tgan. Aholining qolgan 99 foiziga atigi 16 trillion dollar yoki bu o‘sishning 38 foizi to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yili milliarderlarning boyligi «oziq-ovqat va energetika kompaniyalarining osmonga ko‘tarilgan daromadlari» tufayli yana ko‘paydi. Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniyalarning 95 foizi 2022 yilda o‘z daromadlarini ikki baravardan ko‘proqqa oshirgan.

Shu bilan birga, inflatsiya hozirda ish haqi o‘sishidan yuqori bo‘lgan mamlakatlarda kamida 1,7 milliard ishchi istiqomat qiladi, deyiladi hisobotda. 820 milliondan ortiq odam, ya’ni Yer yuzidagi har o‘ninchi kishi ochlikdan aziyat chekmoqda. Ayni paytda dunyoda och qolganlarning qariyb 60 foizini ayollar va qizlar tashkil etadi.

Bu, ehtimol, Ikkinchi jahon urushidan beri global tengsizlik va qashshoqlikning eng katta o‘sishidir, deb yozadi tashkilot Jahon banki ma’lumotlariga tayanib. Oxfam butun dunyo hukumatlarini qashshoqlik va ochlik tarqalishini to‘xtatish uchun boylik, shuningdek, koronavirus pandemiyasi va inflatsiya natijasida kelib chiqadigan «ortiqcha kutilmagan foyda»ga soliqlarni oshirishga chaqirdi.

Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vaziri Svenya Shulse Oxfam hisobotidagi xulosalarni «xavfli» deb atadi.

«Pandemiya, mojarolar va oxirgi, lekin eng muhimi - Rossiyaning tajovuzkor urushi bizni qashshoqlik, ochlik, sog‘liqni saqlash va ta’lim nuqtayi nazaridan bir necha yil orqaga qaytardi, boylar esa yanada boyib ketishdi, - dedi u jurnalistlarga. - Butun dunyoda tengsizlikni kamaytirmasak, biz bu inqirozlarni yengib chiqa olmaymiz», - deya ogohlantirdi siyosatchi.

Mavzuga oid