Dastlab voqealar xronologiyasiga to‘xtalsak

3 yanvarda Kun.uz’da Angrendagi ko‘p qavatli uylar aholisi salkam 2 oydan beri sovuq xonadonlarda yashayotgani haqida maqola e’lon qilindi. Shundan so‘ng, shahar hokimiyati va prokurori materialga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, odamlarga issiqlik uzatilmayotganiga hokimiyatning ham, “teploset”ning ham aloqasi bo‘lmagan, vaziyat issiqlik beriladigan manba – Angren IES bilan bog‘liq bo‘lgan.

Gap shundaki, Qozog‘istonga tegishli kompaniya “Central Asia Energy” MChJga berib yuborilgan eski Angren IESga kuz-qish mavsumi uchun yetarlicha mablag‘ o‘z vaqtida ajratilmagan, shu sababli stansiyada avariyalar yuzaga kelavergan, aholi esa sovuqda yashayvergan.

Ayni shu sababli hukumatning tegishli qarori bilan yanvardan boshlab IES ishonchli boshqaruvdan olindi, bu haqda shahar prokurori Ulug‘bek Habijonov tahririyatga ma’lum qilgan edi. Shundan keyin 2 yanvardan aholiga belgilangan me’yorda issiqlik uzatib borilayotgani haqida xabar berildi.

Xo‘sh, ayni vaqtda Angrenda ahvol qanday, odamlarning uyiga haqiqatan ham issiqlik yetib boryaptimi?

Buni bilish maqsadida dastlab Angren shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi rahbari Komronbek Karimov bilan gaplashdik. Uning aytishicha, Angrenda 823 ta ko‘p qavatli uylar joylashgan bo‘lsa, shuning 639 tasi markaziy issiqlik tizimiga ulangan.