Toshkent viloyati Angren shahrida oylab davom etgan issiqlik ta’minoti muammolari va “Angren” issiqlik elektr stansiyasidagi ketma-ket avariyalardan keyin stansiya ishonchli boshqaruvdan olindi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi eng yirik IESlardan hisoblangan “Yangi Angren” boshqaruvi davlatga qaytgan-qaytmagani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Bu ikki stansiya bir necha yil oldin “Central Asia Energy” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, xususiy kompaniyaning ishonchli boshqaruvi ostida o‘tgan yillar davomida stansiyalar yirik miqdorda zararga kirib ketgan.

“Central Asia Energy” MChJning 100 foizlik ta’sischisi – Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan – “Gornyye raboty” kompaniyasi. Bu kompaniya milliarder Fattoh Shodiyevga aloqador ekani aytiladi.

Ko‘zdan panadagi ishonchli boshqaruv va xorijdagi oligarxlar

2017 yanvarida O‘zbekistonda “SFI Management Group” MChJ tashkil etilgan. Shu yilning o‘zidayoq bu yangi kompaniyaga davlatga qarashli yirik korxonalar – OKMK, “O‘zmetkombinat” va “O‘zikkilamchiranglimetall” ishonchli boshqaruvga berilgandi. Bu boradagi kelishuvlar 2021 yil fevralida bekor qilindi.

Bu orada, Qozog‘istondagi kichik korxona (xodimlari soni 5 nafardan oshmaydigan) – “Gornyye raboty”ning ta’sischiligida 2019 yili O‘zbekistonda “Central Asia Energy” MChJ ochilgan. Bu kompaniya ham, avvalgisi kabi, ochilganidan keyin ko‘p o‘tmay uchta yirik davlat aktivining ishonchli boshqaruvini qo‘lga kiritgan: bular – “Angren” va “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyalari hamda “O‘zbekko‘mir”.

O‘zbekiston hukumati metallurgiya zavodlarini SFI guruhiga, ikkita IES va ko‘mir sanoatini esa qozoq kompaniyasiga nega hech qanaqa tanlovsiz berib yuborgani, ularga qanday majburiyatlar yuklatilganini hech qachon ochiqlamagan.

Milliarder Alisher Usmonov 2018 yilda ruscha Forbes'ga bergan intervyusida uning “Metolloinvest” holdingi SFI guruhi bilan hamkorlik qilishini, bu guruh boshqa bir taniqli milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Kobul Shodiyevga tegishli ekanini aytgan. Ochiq manbalarda Shodiyev Bobur Kobulovich (“Paxtakor” FKning sobiq prezidenti) “SFI Management Group” MChJ kuzatuv kengashi raisi bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.