Jahon | 00:07 / 18.01.2023
11031
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘ninchi paketida «bo‘shliqlarni yopadi» 

Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari avvalgi cheklovlardagi bo‘shliqlarni yopishga qaratiladi. 

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi, o‘ninchi sanksiyalar paketini kiritishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi. Uning so‘zlarini CNN keltirdi. 

Yevrokomissiya rahbariga ko‘ra, o‘ninchi paket, asosan, Rossiya tomonidan chetlab o‘tilayotgan avvalgi sanksiyalardagi «bo‘shliqlarni yopish»ga qaratilgan. Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tadiganlar uchun katta oqibatlar mavjud. 

Avvalroq Yevrokomissiya rahbari Davosda bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida (WEF) so‘zga chiqib, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan tarixdagi eng kuchli sanksiyalarni joriy qilganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar natijasida Rossiya iqtisodiyoti o‘nlab yillar davomida regressiyaga duch keladi va Rossiya sanoati har qanday zamonaviy muhim texnologiyalardan mahrum bo‘ladi. U Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi. 

Yevropa Ittifoqi urush boshlanganidan beri Rossiyaga qarshi muntazam ravishda sanksiyalar kiritib kelmoqda. Avvalroq Yevrokomissiya rossiyalik 200 ga yaqin amaldor va harbiylarga qarshi shaxsiy sanksiyalar kiritishni taklif qilgan edi. Ularning Yevropa Ittifoqiga kirishiga ruxsat berilmasligi va Yevropadagi aktivlari muzlatilishi taxmin qilingan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid