Tuzlar daraxt va gullarni quritishi mumkin

Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, yo‘llardagi muzlarni eritish va silliqlanishni kamaytirish uchun poytaxt ko‘chalariga 12 ming tonna qum-tuz aralashmalari sepilgan (18 yanvar kungi holat). Mirobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘ofurxo‘ja Jonxo‘jayevga ko‘ra, tumandagi yo‘llarni eritish uchun 400 tonna qum, 250 tonna tuz sepib chiqilgan. Yana taxminan 200 tonna aralashma tayyorlanmoqda.

Hozir Nukus ko‘chasida joylashgan yashil maydon va ariqlarni tozalaymiz. Bu ariqlardagi qorni ko‘chirib chiqarib olmasak, yo‘ldan oqib kelgan suv yashil maydonga tushadi. Bu erigan suvda juda ham ko‘p tuz bor. Shu tuz yashil maydon, daraxtlar va gullar qurishiga olib keladi. Shuning uchun kechki smenada ham ishlayapmiz. Hozir asosan suv ketadigan latoklarni ochib olishimiz kerak”, – degan u.

Avtomashinalar uchun xavotirli emas

Bu aralashmalarning ta’siri haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqovning ma’lum qilishicha, butun poytaxt hududi uchun 12 ming tonna qorishmaning tabiatga zarari sezilmaydi. Qolaversa, bu aralashma tarkibidagi tuz miqdori umumiy qorishmaning 9-10 foizini tashkil qiladi. Bu xavotirli raqamlar emas.

To‘g‘ri, qor ko‘p yog‘adigan shimoliy davlatlarning yo‘llarida qum va tuzli kimyoviy aralashmalarning ko‘p sepilishi avtoulovlar temir qismlarining zanglashini tezlashtirishi, shinalar va hatto poyabzallarning ham tezroq "yeyilib" ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bizning iqlimda esa, hatto bu yilgi qish sharoitida ko‘chalarga ishlov berilayotgan qum-tuzli qorishmalar standartlar asosida tayyorlanadi va ularning atrof-muhit, inson salomatligiga salbiy ta’siri mutlaqo yo‘q”, - deydi u.

Allergiya qo‘zg‘aydimi?

Qum-tuzli qorishmalar ko‘chalarni muzdan tozalashda samarali vosita bo‘lishi mumkin. Lekin qishdan keyin erta bahorda qum tuzi chang bo‘ronlarini keltirib chiqarishi, ba’zi hollarda odamlar va hayvonlarda allergiyaga olib kelish ehtimoli ham yo‘q emas.