O‘zbekiston | 10:02 / 19.01.2023
7621
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston "Ko‘rfaz davlatlari - Markaziy Osiyo" rahbarlari sammitini o‘tkazishni taklif qildi

Joriy yil 16 yanvar kuni Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) qarorgohida Markaziy Osiyo davlatlari elchilarining ushbu tashkilot bosh kotibiyati vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad “KADHK – Markaziy Osiyo” strategik muloqotining davlat rahbarlari darajasidagi birinchi sammitini Saudiya Arabistonida o‘tkazish muddatlari va ushbu tadbirga aloqador masalalarni muhokama qilish bilan izohlanadi.

Tadbirni bosh kotibning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari doktor Abdulaziz Hamad al-Uvayshiq olib bordi. U Ko‘rfaz davlatlari Markaziy Osiyo respublikalari bilan doimo yaxshi munosabatda bo‘lgani va kelajakda ular bilan do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Bosh kotib o‘rinbosari “KADHK – Markaziy Osiyo” strategik muloqotining davlat rahbarlari darajasidagi birinchi sammitini o‘tkazish muddatlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni o‘z taklifini bildirgani xususida to‘xtalar ekan, O‘zbekistonning ushbu formatdagi faolligini alohida ta’kidladi. 

Rahbariyat e’lon qilgan 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlar, xususan, samarali davlat boshqaruvi tizimiga o‘tish, O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, ekologiya va suv masalalariga alohida e’tibor qaratish, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, respublika iqtisodiyotiga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitni yaxshilash Ko‘rfaz davlatlari manfaatlariga ham mos kelishini aytdi.

Mavzuga oid