Jahon | 22:47 / 19.01.2023
11631
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Putin va Lukashenko uchun maxsus tribunal tuzishga chaqirdi 

Maxsus tribunal tuzish yo‘lidagi eng muhim amaliy qadam Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatini tergov qiluvchi xalqaro maxsus prokuratura bo‘lishi kerak. 

Foto: Getty Images

Yevroparlament Rossiya oliy rahbariyatini Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatlari bo‘yicha javobgarlikka tortish uchun maxsus tribunal tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda Deutsche Welle yozdi. 

Yevropa Ittifoqi va uning a’zolari Rossiyaning siyosiy va harbiy rahbariyati tomonidan Ukrainaga nisbatan sodir etilgan bosqinchilik jinoyatini ta’qib qilish uchun maxsus xalqaro tribunal yaratishga intilishi kerak, deyiladi rezolyutsiyada. 

Ikkinchi jahon urushidan keyin natsistlar yetakchilari sudlangan Nyurnberg sudiga o‘xshash maxsus tribunal Ukraina va xalqaro hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikda, afzalrog‘i, BMT orqali tuzilishi kerak, deb qaror qildi Yevropa parlamenti. 

Qayd etilishicha, avvalroq, bunday tribunallar BMT Xavfsizlik Kengashi qarori bilan sobiq Yugoslaviya va Ruandadagi harbiy jinoyatlarda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun tuzilgan. 

Tashabbus mualliflarining asosiy vazifasi sudga Vladimir Putinni, Rossiya Federatsiyasining siyosiy va harbiy rahbariyatini, shuningdek, Rossiyaga o‘z hududi orqali Ukraina bosqinida yordam berayotgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni va mamlakat rahbariyatini jinoiy javobgarlikka tortish vakolatiga ega bo‘lish huquqini berishning umumiy qonuniy asosli yo‘lini topishdan iborat. 

«Gap shundaki, mamlakat oliy rahbariyati bosqinchilik jinoyatlari uchun javobgardir, ammo u xorijiy jinoiy yurisdiksiyadan xalqaro immunitetga ega. Demak, bunday tribunal uchun oldin immunitet olib tashlanishi kerak. Buning uchun jahon hamjamiyatining kuchli irodasi va tashabbusi kerak», deb yozdi nashr. 

Tribunalning tashkil etilishi Rossiya jamiyati uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham Putin va Rossiya Federatsiyasi rahbariyatini Ukrainadagi bosqinchilik jinoyati uchun sud qilish mumkinligi haqida aniq signal bo‘ladi. 

Maxsus tribunal yaratish yo‘lidagi eng muhim amaliy qadam Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatini tergov qilish bo‘yicha xalqaro maxsus prokuratura bo‘lishi kerak, deyiladi Yevropa parlamenti rezolyutsiyasida. 

Xalqaro maxsus prokuratura Ukrainada sodir etilgan jinoyatlarning jazosiz qolishiga qarshi kurashda birinchi qadam bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi allaqachon rasmiy Kiyev, Yevroyust va Xalqaro jinoiy sud (XJS) bilan prokuratura tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda. 

Mavzuga oid