Jahon | 12:21 / 20.01.2023
9140
2 daqiqa o‘qiladi

"FSB" AQSh fuqarosiga qarshi josuslik bo‘yicha ish ochdi

Amerikalik «Rossiya xavfsizligiga qarshi qaratilgan» biologik mavzular bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini yig‘ishda gumon qilinmoqda, deyiladi "FSB" xabarida.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ("FSB") AQSh fuqarosiga qarshi josuslik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda 19 yanvar, payshanba kuni idora saytida ma’lum qilindi.

«Amerikalik Rossiya xavfsizligiga qarshi qaratilgan biologik mavzular bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini yig‘ishda gumon qilinmoqda», — deyiladi xabarda. Gumonlanuvchining shaxsi va ish tafsilotlari oshkor etilmagan. Rossiyada josuslik uchun 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning AQSh fuqarosiga nisbatan josuslikda gumon qilib jinoiy ish ochgani haqidagi «tasdiqlanmagan ma’lumotdan» xabardor. Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patel jurnalistlarga: «Biz bu masalani ko‘rib chiqyapmiz va uni kuzatishda davom etamiz», dedi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya, odatda, Amerika fuqarolarining hibsga olinishi haqida zudlik bilan xabardor qilish majburiyatini bajarmaydi.

So‘nggi yillarda Rossiyada bir qator AQSh fuqarolari jinoiy ayblovlar bilan hibsga olingan, ularning ba’zilari almashinuv natijasida ozod qilingandi. Xususan, dekabr oyida amerikalik basketbolchi Brittni Grayner Qo‘shma Shtatlarda qurol-yarog‘ savdosi bilan shug‘ullangan Rossiya fuqarosi Viktor Butga almashtirildi.

Bir necha Amerika fuqarolari Rossiya hibsxonalarida qolmoqda, jumladan, sobiq AQSh dengiz piyoda askari Pol Uilan ham ular orasida. U 2018 yilda Moskvada hibsga olingan, 2020 yilda esa josuslikda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mavzuga oid