Jahon | 08:51
1316
4 daqiqa o‘qiladi

Kuvaytda Eron hujumi oqibatida 1 kishi vafot etdi, o‘nlab insonlar jarohatlangan

Dron zarbalari natijasida Kuvayt xalqaro aeroportida Hindiston fuqarosi halok bo‘lgan va 60 dan ortiq odam jarohatlandi.Kuvayt mudofaa vazirligi hujumni «Eronning jinoiy agressiyasi» deb atadi. Eron Muhofizlari korpusi aeroportga qilingan hujum uchun javobgarlikni rad etdi va zarar AQSh raketa tutgichining xatosi tufayli kelib chiqqanini da’vo qildi.

2 iyun kuni sulhga qaramay AQSh va Eron yana zarbalar almashdi. AQShning Eron neft tankeri va Keshm oroliga bergan zarbalariga javoban Tehron Ko‘rfazidagi AQSh bazalarini nishonga olganini aytgan edi.

AQSh esa Eronga qarshi «o‘zini mudofaa qilish» zarbalari berganini, Kuvayt va Bahrayn tomon otilgan Eron raketalarini urib tushirganini yoki tutib qolganini ma’lum qildi.

Keyinroq, Kuvayt aeroportga Eron droni urilganini tasdiqladi. Tarmoqlarda T1 terminaliga dron kelib urilishi va aeroporti ichidagi portlashlar aks etgan videolar tarqaldi.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, dron zarbasi oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan va 63 kishi jarohatlangan. Keyinroq, aeroportga qilingan hujumda halok bo‘lgan shaxs Hindiston fuqarosi ekani aniqlandi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida hujumni qoralab, yana bir necha Hindiston fuqarosi jarohatlanganini bildirdi.

Zarbalardan so‘ng, Kuvayt Tashqi ishlar vazirligi ikki nafar Eron diplomatiga 24 soat ichida mamlakatni tark etishni buyurdi va Eronning muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirdi.

Eron, shuningdek, chorshanba kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlari kemasini nishonga olganini da’vo qildi, biroq Centcom buni ham rad etdi.

Eron javobgarlikni rad qildi

Chorshanba kuni kechroq Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Kuvayt aeroportiga qilingan hujum uchun javobgarlikni rad etdi. Rasmiy Tehron zarar AQSh raketa tutgichining xatosi tufayli kelib chiqqanini da’vo qildi.

2026-06-04 08.53.21

AQSh Markaziy qo‘mondonligi buni yolg‘on deb atadi va Eron aeroportga «ataylab qilingan, puxta o‘ylangan va asossiz hujum» uyushtirganini da’vo qildi.

Kuvayt mudofaa vazirligi hujumni «Eronning jinoiy agressiyasi» deb atadi. Kuvayt tashqi ishlar vazirligi esa diplomatik missiyalarga zarar yetganini ma’lum qildi.

So‘nggi keskinlashuv AQSh va Eron o‘rtasidagi mo‘rt otashkesimni xavf ostiga qo‘ymoqda.

Shu bilan birga AQSh va Eron o‘rtasidagi otashkesim muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvlar olg‘a siljimayapti.

2026-06-04 08.54.09

AQSh prezidenti Donald Tramp shu haftada o‘z tanqidchilariga «xotirjam bo‘lishni» maslahat berdi va Eron «haqiqatan ham kelishuvga erishmoqchi va bu AQSh uchun foydali bo‘ladi» dedi.

Chorshanba kuni efirga uzatilgan intervyuda Tramp Eron yadro quroliga ega bo‘lmaslikka «allaqachon rozi bo‘lganini» aytdi. Tramp muzokaralarga Eron oliy rahbari Mujtabo Xominaiy ham «jalb qilinganini» aytdi.

«Biz u bilan juda yaxshi chiqishayotgandekmiz», dedi Tramp. Undan u bilan uchrashishni xohlaysizmi, deb so‘rashganda, u shunday javob berdi: «Men u bilan uchrashishni xohlardim. Hammasi qanday yakun topishiga qarab, ehtimol, qaysidir pallada uchrasharmiz».

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid