Jahon | 08:21
683
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi

Isroil va Livan AQSh vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, «Hizbulloh» to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishi va jangchilarini Litani daryosining janubiy hududlaridan olib chiqishi lozim.

Foto: REUTERS

AQSh Davlat departamenti 3 iyun kuni Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Uch tomonlama bayonotga ko‘ra, kelishuv Vashingtonda ikki kun davom etgan muzokaralar natijasida imzolangan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, kelishuvning amal qilishi «Hizbulloh» tomonidan o‘t ochishning to‘liq to‘xtatilishi hamda guruh jangchilarining Litani daryosidan janubdagi hududlarni tark etishiga bog‘liq. Shuningdek, Livan armiyasi nazorati ostida bo‘ladigan maxsus pilot hududlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Bayonotga ko‘ra, 22 iyun haftasida Livan va Isroil qolgan bahsli masalalarni hal qilish hamda keng qamrovli kelishuvga erishish maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni davom ettiradi.

Mojaroning yangi bosqichi AQSh va Isroilning Eron bilan urush boshlaganidan keyin kuchaydi. Mart oyi boshidan «Hizbulloh» Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning amerikalik va isroillik kuchlar zarbalari natijasida halok bo‘lganiga javob sifatida Isroilga raketa hujumlarini qayta boshladi.

Bunga javoban Isroil harbiy-havo kuchlari Livan hududiga, jumladan, poytaxt Bayrutga qarshi keng ko‘lamli zarbalar berdi. Shu bilan birga, Isroil Litani daryosi bilan o‘z chegarasi o‘rtasida bufer hudud yaratish maqsadida janubiy Livanda quruqlik operatsiyasini boshladi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, janglar va bombardimonlar oqibatida 2200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Isroil armiyasi esa mart oyidan buyon 1700 dan ortiq «Hizbulloh» a’zosi o‘ldirilganini ma’lum qilgan.

1 iyun kuni Axios nashri Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Bayrut janubiga zarba berish buyrug‘i uchun telefon orqali qattiq tanqid qilgani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng Tehron Vashington bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatishini ma’lum qildi.

Biroq Tramp bu ma’lumotlarni rad etib, muzokaralar jadal sur’atlarda davom etayotganini ta’kidladi. U Truth Social tarmog‘ida Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani va bu qadam muzokaralarni saqlab qolishga xizmat qilganini yozdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid