Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh «Vagner»ni «transmilliy jinoiy tashkilot» deb e’lon qiladi
Qo‘shma Shtatlar bir necha qit’alarda tashkilot va uni qo‘llab-quvvatlash tizimiga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qiladi.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasini «transmilliy jinoiy tashkilot» sifatida baholashga qaror qilgan va kelasi hafta unga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish niyatida. Uning juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingdagi so‘zlari haqida «TASS» xabar berdi.
AQSh Moliya vazirligi «Vagner» guruhini «13581-sonli ijro qarori va unga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq jiddiy transmilliy jinoiy tashkilot» sifatida belgilaydi. Shuningdek, ushbu kvalifikatsiyadan kelib chiqib, Qo‘shma Shtatlar bir necha qit’alarda tashkilot va uni qo‘llab-quvvatlash tizimiga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qiladi.
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rossiyalik tadbirkor, «Putinning oshpazi» nomi bilan tanilgan Yevgeniy Prigojin tomonidan tashkil etilgan. Guruh 2014 yilda Ukrainada, keyinchalik Suriya, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasidagi harbiy harakatlarda qatnashgani haqida ma’lumotlar bor.
2017 yilda guruh AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. 2021 yilda Yevropa Ittifoqi guruhni Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilishda, Suriya va Liviyadagi vaziyatni izdan chiqarishda, inson huquqlarini qo‘pol buzganlikda ayblab, sanksiyalar joriy qildi.
Shuningdek, BMT va Fransiya «Vagner» jangchilarini Markaziy Afrika Respublikasidagi zo‘ravonliklar va qotilliklarda ayblaydi.
«Vagner» Ukrainadagi urushda faol ishtirok etmoqda. Uning tarkibi asosan Rossiya qamoqxonalaridagi mahbuslar va ko‘ngillilar bilan to‘ldirilgan.
Mavzuga oid
10:56
O‘zbekistonlik haydovchi Amerikada oqibati o‘lim bilan tugagan YTH sodir etdi
08:56
Ukraina Rossiyadagi strategik obektlarga zarbalarni kengaytirmoqchi
08:50
Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
22:16 / 10.07.2026