Jahon | 22:34 / 25.01.2023
12652
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya YeOII doirasida uglerod birliklari uchun umumiy bozorni shakllantirishni taklif qildi 

Umumiy bozor doirasida issiqxona gazlari kvotasi savdosi amalga oshirilishi mumkin. 

Foto: eec.eaeunion.org

Rossiya Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari uchun uglerod birliklarining umumiy ixtiyoriy bozorini yaratish tarafdori. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov YeOII iqlim masalalariga bag‘ishlangan seminarda ma’lum qildi. 

Uglerod birligi - ma’lum bir iqlim loyihasini amalga oshirish natijasida atmosferaga chiqishining oldi olingan issiqxona gazlari hajmi. U SO2 ekvivalenti tonnasida ifodalangan issiqxona gazlari chiqishining ma’lum kvotasi, ularning miqdori ustidan davlat va bozor nazorati instrumenti hisoblanadi. 

Atmosferaga katta miqdorda issiqxona gazlarini chiqaradigan yirik korxonalar bunday chiqindilar bo‘yicha limitga amal qiladi va maxsus soliq to‘laydi. Ular kvotalarining ortiqcha qismini maxsus uglerod bozorlarida – uglerod birliklari bilan savdo qiluvchi fond birjalarida sotishi mumkin. Mos ravishda, yetishmayotgan qismini sotib olishi mumkin.

«Biz uglerod birliklarining ixtiyoriy bozorini shakllantirish bo‘yicha amaliy vazifalarni belgilashni taklif qilamiz. Buning uchun biz bir nechta masalani hal qilishimiz kerak: umumiy standartlarni kelishib olish va bu nazoratni ittifoq doirasida ixtiyoriy shaklda joriy etishimiz lozim, bu bir. Ikkinchidan, loyihalarni kim tasdiqlaydi va shunga mos ravishda loyihalarni tekshiradigan va tasdiqlaydiganlar uchun akkreditatsiya tizimini yaratish, shularni o‘zaro tan olish masalasi bo‘yicha kelishib olishimiz kerak», dedi u. 

Vazir, shuningdek, YeOII davlatlariga iqlim bo‘yicha kun tartibi doirasida iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini birlashtiruvchi hujjat tayyorlashni ko‘rib chiqishni taklif qildi. 

YeOII tashkilotiga hozirgi kunda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya a’zo. O‘zbekiston kuzatuvchi maqomiga ega. 

Mavzuga oid