Yetti oylik istilodan keyingi Severodonetsk va yarim yildan buyon qamal holatidagi Baxmut. Urush suratlari
Ukrainada urushning 335-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Germaniya Ukrainaga Leopard 2 tanklarining kamida bitta rotasini (14 dona) yuborishga rozi bo‘lgan. Bundan oldin Polsha GFRga Leopard tanklarini Ukrainaga jo‘natishga ruxsat berishini so‘rab rasman murojaat qilgandi.
- The Wall Street Journal va boshqa qator nashrlarning yozishicha, tanklar jo‘natilishi haqida shu haftada AQSh ham e’lon qilishi kutilmoqda. Politico ma’lumotiga ko‘ra, gap taxminan 30 ta tank haqida ketishi mumkin.
- Ukraina huquq-tartibot organlari 52-og‘ir bombardimonchi aviatsiya polki komandiri, polkovnik Oleg Timoshinga Dniprodagi turar joylarga raketa zarbasi yo‘llanishiga aloqadorlik bo‘yicha ayblov e’lon qildi.
- Rossiyaninng Belgorod oblasti gubernatori Gladkovning ma’lum qilishicha, urush boshidan buyon oblast hududi o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillarining 25 nafari halok bo‘lib, yana 96 nafari yaralangan.
- 18 yanvar kuni Kiyev oblastidagi Brovari shahrida vertolyot qulashiga, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchuvchining xatosi sabab bo‘lgan, u juda pastlab uchgan va Belarus tomondan raketa zarbasi kelishi xavfi tufayli marshrutni o‘zgartirgan. Aviahalokat oqibatida 14 kishi, jumladan Ukraina ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy va bir bola halok bo‘lgandi.
Severodonetsk yetti oylik okkupatsiyadan keyin
Severodonetsk Luhanskdan taxminan 90 kilometr masofada joylashgan. 2014 yilda, Luhansk ayirmachilar tomonidan egallanganidan keyin Severodonetsk Luhansk oblastining Ukraina nazoratidagi qismining vaqtinchalik ma’muriy markaziga aylangandi.
Severodonetsk va uning atrofidagi hududlar o‘qqa tutilishi martning ilk kunlarida boshlangan va 25 iyunga qadar tinmagan, o‘shanda shahar to‘lig‘icha Rossiya nazoratiga o‘tgandi. Bugungi kunga kelib shahardagi turar joy binolarining 90 foizi zarbalardan shikastlangan, issiqlik ta’minoti yo‘q, tok deyarli yonmaydi va kanalizatsiya ishlamaydi. Shunga qaramay, keng ko‘lamli bosqinga qadar 100 mingdan ortiq kishi yashagan Severodonetskda, Luhansk oblasti Severodonetsk shahri harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Oleksandr Stryukning ma’lumotiga ko‘ra, hozir ham sakkiz ming kishi yashamoqda. Quyida yetti oydan buyon Rossiya okkupatsiyasida yashayotgan shaharning bugungi manzaralari.
Donetskning okkupatsiya ostidagi qismi o‘qqa tutilishi
«DXR»ning Kreml tomonidan tayinlangan ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, 24 yanvar kuni Ukraina qurolli kuchlari Donetsk oblastining Rossiya nazorati ostidagi hududlarini 18 bor o‘qqa tutgan. Zarbalar Donetsk, Horlivka, Yasinuvata va regiondagi boshqa shahar va qishloqlarga kelgan. Qurbonlar haqida xabar berilmagan.
Baxmutdagi vaziyat
Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Baxmut shahriga yurish qilishda davom etmoqda. Bu yo‘nalishda harakatlanayotgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi kuchlari katta yo‘qotishlarga qaramay, hamon Ukraina qurolli kuchlari uchun xavf solmoqda. Bu haqda Ukraina harbiy razvedkasi hisobotida aytilgan, uni 24 yanvar kuni CNN nashri e’lon qilgan. Nashrning yozishicha, G‘arbdagi ittifoqchilar Ukrainani asosiy kuchlarni Baxmut mudofaasidan mamlakatning janubiy oblastlarida hujum boshlash uchun o‘tkazishga chaqirmoqda.
Ammo, CNN manbalari so‘zlariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy Baxmutni ushlab turish Ukraina qurolli kuchlarida butun Donbassni qaytarish uchun ko‘proq imkoniyat qoldiradi deb hisoblamoqda. Shuningdek, Ukraina prezidenti hisoblashicha, Baxmutni egallash rossiyaliklarga strategik muhim shaharlar — Slovyansk va Kramatorsk tomon yo‘l ochadi.