O‘zbekiston | 11:28 / 26.01.2023
6612
2 daqiqa o‘qiladi

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 300 mln dollar ajratiladi

“Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Qarorga ko‘ra, 2023 yilda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalarni moliyalashtirish uchun “Agrobank” ATB, “Mikrokreditbank” ATB va AT Xalq bankiga alohida tasdiqlanadigan taqsimotga asosan 300 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘lar 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 10 foiz stavkada ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi. 

Yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishi ta’kidlandi. 2022 yilda bu maqsadga qariyb 10 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan edi. Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 12 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bunday kreditlarning eng yuqori miqdori ham oshiriladi. 

Ikki yil ichida aholiga 200 ming gektardan ziyod yer bo‘lib beriladi. «Temir daftar», «yoshlar daftari» va «ayollar daftari» yagona tizimga birlashtirilib, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid