O‘zbekiston | 09:44 / 26.01.2023
7990
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi arafasida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Baxit Torobayev boshchiligidagi hukumat delegatsiyalari o‘rtasida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Oliy darajadagi tashrif doirasida “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda mazkur tadbirga tayyorgarlik ishlari atroflicha muhokama qilindi. Unda ikki mamlakatning kimyo, to‘qimachilik, energetika, avtomobilsozlik sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarga ixtisoslashgan ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq yetakchi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Forum doirasida yalpi majlis va panel sessiyalar, V2V shaklidagi uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkaziladi, ular natijasida 10 dan ortiq ikki tomonlama bitimlar va investitsiya shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklarini ishga solish orqali sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda o‘zbek va qirg‘iz ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda muhim vositaga aylangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati alohida muhokama qilindi. Tomonlar Jamg‘arma faoliyati samaradorligini oshirish, uning doirasida rejalashtirilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari, kimyo va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi. Temiryo‘l va avtomobil yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishni nazarda tutgan holda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi. Energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tomonlar logistika, turizm, sport infratuzilmasini rivojlantirish kabi yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Mavzuga oid