Jahon | 15:36 / 28.01.2023
19128
7 daqiqa o‘qiladi

Davlat aralashuvini cheklash – Turkiyada 80-yillarda boshlangan energiya siyosati haqida

Foto: KUN.UZ

Turkiyada 1980 yillarda energetika, telekommunikatsiya, neft kimyosi, temir va po‘lat ishlab chiqarish sanoati ustidan to‘liq nazoratni davlat o‘rnatgan edi. Natijada budjet ko‘rsatkichlari yomonlasha boshladi. Xo‘sh, bunday vaziyatda Turkiya nima qildi?

Davlat qo‘lidagi elektr tarmog‘i

1970 yildan boshlab Turkiyada elektr energiya sohasining barcha yo‘nalishini birlashtirgan davlat kompaniyasi boshqarib kelayotgan edi. O‘sha yillari Turkiya to‘lov balansida jiddiy inqiroz kuzatildi. Va bu Turkiyada mahalliy bozorlar va tashqi savdoni erkinlashtirish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklashga turtki bo‘ldi. Bungacha Turkiyada iqtisodiy siyosatni belgilashda davlat markaziy o‘rinni egallar va uning ta’siri katta edi. Xususan, davlat iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari hisoblangan energetika sohasi, telekommunikatsiya, neft kimyosi, temir va po‘lat ishlab chiqarish sanoati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan edi.

1980 yillarda Turkiyada bozor iqtisodiyotiga qaratilgan islohotlar elektr sohasiga ham ta’sir qila boshladi. Turkiya elektr energetikasi boshqarmasi 2009-2013 yillardagi islohotlar natijasida ikkita alohida davlat tashkilotiga bo‘linadi. Bular Turkiya elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish (TeİAŞ) va Turkiya elektr energiyasini taqsimlash (TEDAŞ) davlat kompaniyalaridir.

Manba: Xalqaro energetika agentligi, Jahon Banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi

Energiya islohoti nimani o‘zgartirishi kerak edi?

Avvalo Turkiyaga nima uchun elektr energetikasi islohotlari kerak edi degan savolga to‘xtalamiz. Turkiya bir necha yillardan beri Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun harakat qiladi. Buning uchun esa ittifoqning talablarini bajarishi kerak. Shunday talablardan dastlabkisi energetika sohasidagi islohotlar edi. Bu haqda ko‘plab xalqaro institutlar bong urishni boshladi va ushbu institutlar Turkiyadagi islohotlar jarayonida ishtirok etdi.

Islohotlar elektr energiyasi uchun oshib borayotgan talabni qondirish va davlat budjeti parametrlarini yaxshilashi kerak edi. Bunda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchi ikki taraf uchun ham beriladigan subsidiyalarni tugatish maqsad qilindi. Elektr energiyasi uchun uzluksiz subsidiya berish va kelajakdagi talabni qondirish uchun davlatning moliyaviy imkoniyatlari yetarli emas edi.

Shuningdek, elektr energetikasi sohasidagi samaradorlikni ham oshirish kerak edi. Xususiy sektor jalb qilinishi raqobatni kuchaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va xarajatlarni qisqartirish, monopoliya tufayli yuzaga keladigan samarasizlikni kamaytirish imkonini berdi.

Jiddiy qadamlar

Turkiya islohotlarni amalga oshirish yo‘lida jiddiy qadamlar tashladi. Elektr energetikasi sohasiga investitsiya jalb qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va raqobatni qo‘llab-quvvatlashga kirishdi.

Xususiy sektorning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan dastlabki qonun hujjati 1984 yilda ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. 1993 yilda Turkiyaning elektr energetikasi sohasini nazorat qiluvchi yagona tizimni bir necha yo‘nalishga ajratish boshlandi. Ijobiy natijalar kutilganidan sekin bo‘ldi. Chunki davlatning hukmron mavqeyi saqlanib qolayotgandi. 1994 yilda xususiy sektorga egalik huquqini sotish jarayoni Konstitutsion sud tomonidan to‘xtatildi. Shundan so‘ng 1999 yilda xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritildi.

90-yillar oxiriga kelib, Turkiyadagi budjet ko‘rsatkichlari yomonlashuvi iqtisodiy islohotlarni, jumladan, elektr energetikasi sohasidagi islohotlarni jadallashtirishga turtki berdi. 2001 yilda Turkiya hukumati “Elektr energetikasi bozori to‘g‘risida”gi qonunni amaliyotga tatbiq qildi va sohada yirik burilish boshlandi. Maqsad – xususiy investitsiyalarni jalb qilib, samaradorlikni oshirish va talabni qondirish edi. Davlatga tegishli tashkilotlar biznes faoliyati yo‘nalishlariga ajratildi. Jumladan, ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash, ulgurji va chakana miqdorda sotish kabi faoliyat yo‘nalishlari vujudga keldi.

Narx belgilashning yangi mexanizmi

2002-2007 yillar orasida elektr energiyasi uchun talab oshib bordi, biroq tariflar o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu davrda elektr energetikasi sohasida tizimli o‘zgarishlar yuz bergani, elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari sezilarli darajada oshganiga qaramasdan, tariflar o‘zgartirilmadi. Narx va xarajat orasidagi tafovut ortib borishi, elektr energetikasi sohasidagi infratuzilmani ta’mirlash va yangi investitsiyalar kiritish uchun davlatning moliyaviy imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi. Bundan tashqari, ushbu davrda past narx hisobiga elektr energiyasi uchun talab keskin oshib ketdi.

Yuzaga kelayotgan muammoni bartaraf etish maqsadida hukumat elektr energetikasi sohasida xarajatlarni to‘liq qoplashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. 2008 yilning yanvar oyida elektr energiyasi uchun tariflar avvalgi yildagiga nisbatan 20 foizga oshirildi. Mart oyida esa hukumat xarajatga asoslangan narxlarni belgilash mexanizmini joriy qildi va narxlar har chorakda taklifga moslab o‘zgartirib borildi. Narx belgilashning yangi mexanizmi 2008 yilning iyul oyidan so‘ng o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. Ushbu davrda elektr energiyasi narxi 50 foizga oshgan bo‘lsa-da, uy xo‘jaliklarining turmush darajasiga ko‘rsatgan ta’siri deyarli sezilmadi. Sababi elektr energiyasi uchun xarajatlar aholining jami xarajatlariga nisbatan ancha past edi.

Manba: Xalqaro energetika agentligi, Jahon Banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi.

Salbiy ta’sirlarga qarshi chora

Elektr energetikasi tizimidagi islohotlar davrida Turkiya muayyan yumshatish choralarini joriy qilmadi. Subsidiyalar bekor qilinishi aholining kambag‘al qatlami hayotiga kuchli salbiy ta’sir qilmasligi uchun davlatning amaldagi ijtimoiy himoya dasturi doirasida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rildi.

Umuman olganda, iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan islohotlar elektr energetikasi sohasidagi islohotlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Turkiyada 1980-yilda boshlangan bozor iqtisodiyotiga o‘tishni jadallashtirgan islohotlar elektr energetikasi tizimidagi islohotlarni ham qo‘llab-quvvatladi.

Iqtisodiy sharoit yaxshilanib borishi islohotlarni samarali yakunlashda muhim hisoblanadi. 90-yillardan keyin Turkiya iqtisodiyoti jadal o‘sishi va aholi turmush darajasi yaxshilanib borishi islohotlarga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirdi.

Mustaqil institutlar va tashkilotlar ishtiroki islohotlar doirasida zarur texnik (siyosatdan xoli) qarorlar qabul qilishni osonlashtiradi. Turkiyaning “Elektr energetikasi bozori to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, neft sanoatini tartibga soluvchi EMRA mustaqil tashkilotining elektr energetikasi islohotlariga jalb qilinishi, sohani samarali boshqarishga xizmat qildi. 

Imomjon Hamidov, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi

Зуҳра Абдуҳалимова
Muallif Зуҳра Абдуҳалимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid