O‘zbekiston | 10:30
836
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 11 ta chiqindidan energiya ishlab chiqarish zavodi quriladi

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash va ulardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Mamlakatning bir qator hududlarida umumiy qiymati 1,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 11 ta zamonaviy zavod qurilishi rejalashtirilgan.

Foto: Shanghai SUS Environment

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy qiymati 933 million dollar bo‘lgan 6 ta chiqindidan energiya ishlab chiqarish zavodi qurilmoqda.

Ushbu korxonalar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna maishiy chiqindi qayta ishlanadi va 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Shuningdek, umumiy qiymati 633 million dollar bo‘lgan yana 5 ta shunday zavod qurilishi ham boshlanishi rejalashtirilgan. Shu tariqa, mamlakat bo‘ylab chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan bunday yirik obektlar soni 11 taga yetadi.

Samarqand viloyatida barpo etilayotgan zavod 2027 yil boshida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Korxona bir kunda 1,5 ming tonna chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, yiliga 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Hukumat 2026 yil yakuniga qadar chiqindi poligonlari sonini 32,6 foizga, 2030 yilga borib esa 50 foizga qisqartirishni maqsad qilgan. Shuningdek, yana 18 ta poligon rekultivatsiya qilinishi, 2026 yilda 28 ta va 2030 yilgacha 70 ta chiqindini qayta yuklash stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq 10 ming 199 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Ularning 2 ming 421 tasi bo‘yicha jarima qo‘llangan. 2026 yilning yanvar–mart oylarida esa 700 ga yaqin kuzatuv kamerasi orqali yana 2 ming 107 ta qoidabuzarlik qayd etilgan.

Ayni paytda chiqindi yig‘ish xizmati mamlakat aholisining 64 foizini, ya’ni 23,9 million nafarini qamrab olgan. 2026 yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 90 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, aholining chiqindi xizmatlari uchun qarzdorligi 622,7 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Mutaxassislar qayd etishicha, maishiy chiqindilarning 10 foizdan ortig‘ini plastik chiqindilar tashkil etadi. Biroq ularni to‘liq qayta ishlash uchun mavjud quvvatlar hozircha yetarli emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid