O‘zbekiston | 19:54 / 28.01.2023
56814
3 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi kunlarda bir qancha metan-shoxobchalar sotuvga qo‘yilgan

Bunga havo haroratining keskin sovishi tufayli gaz to‘ldirish shoxobchalari ustidan o‘rnatilgan kuchli nazorat sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Illyustrativ foto

Joriy yilning boshida havo haroratining keskin sovishi tufayli yuzaga kelgan og‘ir energetik inqiroz fonida O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari ustidan kuchli nazorat o‘rnatildi.

Buning ortidan Olx.uz saytiga oxirgi bir oy ichida bir qancha “metan zapravkalar” sotuvga qo‘yilgani haqidagi e’lonlar joylashtirilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, keyingi davrda “metan zapravkalar” transformatsiyasiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

“Bunga hayron bo‘lmaslik kerak. Oxirgi o‘n yilliklarda O‘zbekistonda gurkirab kengaygan biznes, eng yuqori marjinallik va bozor kapitalizatsiyasi kuzatilgan soha oxirgi oylarda juda og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra oyiga 200 mln kub, yiliga 2,5 mlrd kub (norasmiy raqamlar yanada ko‘proq) gaz sotgan biznes mana qozonni suvga tashlaganiga yaqinda ikki oy bo‘ladi. Metan zapravkalarning aksari kreditlarda yo affillangan bizneslar pul oqimi uchun garovlarda ekani hisobga olinsa, tuman istiqbolda yanada quyuqlashadi.

Lekin har qanday biznesda bo‘lgani kabi metan zapravkalar ham ushbu krizisni yangi imkoniyatlar uchun chaqiriq deb qabul qilishlari kerak. Transformatsiya, ya’ni benzin sotuvi, suyultirilgan gaz sotuvi bilan diversifikatsiya yaratsa bo‘ladi. Va albatta, kunlar isib, import yo‘lga qo‘yilib, gaz ta’minoti tiklangan taqdirda ham, resurslar uchun kurash avvalgidek bo‘lmasligi hisobga olinishi darkor. Gaz endi qimmatroq to‘laganniki bo‘ladi”, deya ta’kidladi Otabek Bakirov.

Kun.uz suhbatlashgan metan zapravka egalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, oxirgi oylarda ish faoliyati odatiy rejimda amalga oshirilmayotganligi sababli jiddiy zarar ko‘rilgan va ish faoliyatini tashkil etish uchun olingan qarz mablag‘larini qaytarishda muammolar yuzaga kelgan.

Avvalroq, “O‘ztransgaz” ob-havo harorati ko‘tarilib, qulay sharoit paydo bo‘lgach, respublikadagi barcha AGTKShlar odatdagi ish tartibida ishlay boshlashini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid