Jahon | 18:23 / 30.01.2023
27624
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an nima uchun Konstitutsiyaga zid ravishda prezidentlikka uchinchi marta nomzodini qo‘yganini tushuntirdi

Turkiya prezidenti buni tizim o‘zgargani bilan izohladi.

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2014 va 2018 yillarda ikki marta saylangani tufayli, muxolifat alyansining navbatdagi prezidentlik saylovlarida qatnasha olmasligi haqidagi da’volarini rad etdi. Bu haqda Hurriyet Daily News xabar berdi.

«2018 yilgi saylovdan so‘ng Turkiya yangi hukumat tizimiga o‘tdi. Bu esa tizimning qayta ishga tushirilganini anglatadi. Sog‘lom fikr va qonun bo‘yicha 2018 yilda saylangan prezident yangi tizimning birinchi prezidenti hisoblanadi», dedi Erdo‘g‘an Egey dengizining Denizli viloyatidagi miting chog‘ida.

Avvalroq Turkiyaning muxolifatdagi «Millat ittifoqi» partiyasi Erdo‘g‘an may oyi o‘rtalarida prezidentlikka nomzodini qo‘ya olmaydi, chunki Konstitutsiyaga ko‘ra, bir kishi faqat ikki marta prezidentlikka saylanishi mumkinligini aytgan edi.

Erdo‘g‘an muxolifatni «asossiz dalillar» uchun tanqid qildi.

«Xo‘sh, nomzod topa olmay, mening nomzodimga hujum qilishyapti. Men to‘rt yarim yildan beri prezidentman. Bu vaqtda qayerda edingiz? Nega avval bu gaplarni aytmadingiz? 2017 yildagi xalq ovozlari bilan Konstitutsiya o‘zgardi, bu esa [mening nomzodim bo‘yicha] ikkilanishga o‘rin qoldirmaydi», dedi u.

Erdo‘g‘an o‘tgan hafta Turkiyadagi saylovlar muddatidan bir oy oldin, 14 may kuni bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Hokimiyatdagi partiya buni iyun oyidagi saylovlar yozgi ta’til mavsumiga, ya’ni odamlar sayohat qiladigan davrga to‘g‘ri kelishi bilan izohladi.

Erdo‘g‘an Adolat va taraqqiyot partiyasi bilan bir qatorda Millatchi Harakat partiyasini ham o‘z ichiga olgan hukmron Xalq alyansidan yagona nomzoddir. O‘z navbatida, Turkiyaning olti partiyali muxolifat ittifoqi hali o‘z nomzodini ko‘rsatmagan.

Turkiya 2018 yilda parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruviga o‘tgan edi.

Mavzuga oid