Iqtisodiyot | 11:02 / 31.01.2023
21698
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va YeI moliyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini o‘rganyapti

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian bilan uchrashdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Kun tartibida – savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasidagi hamkorlik va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

Yevropa tomoniga mamlakat Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida, xususan, Ittifoq tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonning JSTga kirish jarayoniga ko‘maklashish» loyihasini amalga oshirish orqali ko‘rsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi.

Alohida tartibda ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ijrosiga 76 million yevro ajratilgan 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan YeIning O‘zbekiston bo‘yicha yangi ko‘p yillik indikativ dasturi ko‘rib chiqildi. Dasturning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish, samarali davlat boshqaruvi, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlari Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiqligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish va ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichiga olib chiqish niyatlarini tasdiqladi.

Mavzuga oid