O‘zbekiston | 19:49 / 01.02.2023
17015
5 daqiqa o‘qiladi

“Bu – haqorat va tashkilot imijiga putur yetkazishga harakat” - “O‘zbekneftgaz” internetda tarqatilgan ayblovni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekneftgaz” AJ va unga qarashli “UNG-Petro” MChJ rahbariyati korrupsion xalqa tuzib, neft va gaz sohasidan har oy millionlab dollar daromad olayotganlikda ayblangan xabarlar tarqaldi. “O‘zbekneftgaz” AJ keltirilgan barcha iddaolarni rad etib, yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatdi.

Xorijdan turib faoliyat olib boruvchi Eltuz nashrining o‘z manbalariga tayanib iddao qilishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ mansabdorlari tashkilot qaramog‘ida bo‘lgan 169 ta AYoQShning har biridan haftasiga muayyan miqdorda “dolya” olib turadi. Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan kredit mablag‘lari eski gaz konlariga samarasiz tarzda ishlatib yuborilgan.

Maqolaga “O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Kompaniya bu xabarni “tuxmat, tashkilot rahbari shaxsini haqorat qilish va shu tariqa tashkilot imijiga putur yetkazishga harakat” deb baholagan.

“Jamiyat faoliyatida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish maqsadida boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida g‘aznachilik tizimi joriy qilindi, komplayens nazorat mexanizmi yaratildi, xaridlar jarayoni ustidan ko‘p bosqichli nazorat tizimi o‘rnatildi hamda jamiyat faoliyatini raqamlashtirish orqali inson omilini keskin kamaytirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi.

Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazorati yo‘nalishidagi xato-kamchiliklarni aniqlash va ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti va boshqa tegishli departament mutaxassislari hamkorlikdagi faoliyati natijasida 2021-2022 yillarda jami 421,6 mlrd so‘m qiymatidagi 52 ta o‘rganish hujjatlari huquqiy baho berish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

Xaridlar jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida, 2022 yilda 6 387 ta shartnomalar ko‘rib chiqildi va 176 ta holatda 174,5 mlrd so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etilishi ta’minlandi.

Jamiyat tasarrufidagi korxonalar rahbar va o‘rta bo‘g‘im rahbarlaridan 5 043 ta manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalari olindi va ulardagi ma’lumotlar asosida 762 ta holatda qarindosh-urug‘chilik holatlari, 33 ta holatda Jamiyat xodimlarining boshqa korxonalar bilan aloqadorligi hamda 12 ta holatda Jamiyat xodimlarining kontragent hamda raqib korxonalarda yaqin qarindoshlari faoliyat olib borishi aniqlanib tegishli choralar ko‘rildi.

Jamiyat tizimida faoliyat yuritayotgan 126 nafarxodim 191 holatda o‘zi rahbarligidagi (ta’sischiligi) korxonalar bilan 77,1 mlrd so‘mlik shartnomaviy munosabatlarga kirish orqali manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi va bartaraf etildi.

24 ta tizim korxonalari, boshqarmalari va neft bazalarida faoliyat olib borayotgan 29 415 ta xodimlarning 19 287 nafari (66 foiz), shundan 3 467 nafar (18 foiz) o‘rtasida elektron tarzda anonim so‘rovnomalar o‘tkazilib, aniqlangan salbiy holatlarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Korxonalarda amalga oshiriladigan ishlar va vazifalardan kelib chiqib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan 326 ta bo‘linmalarni qamrab olgan holda jami 870 ta (shundan: 444 ta yuqori, 304 ta o‘rta va 122 ta past darajadagi)korrupsion xavf-xatarlar ro‘yxati shakllantirildi hamda 677 ta tavsiyalar berilishi natijasida xavf xatarlar darajasi kamaytirilishiga erishildi.

Jamiyat tasarrufidagi “UNG-Petro” MChJ hamda jamiyat boshqaruvi o‘rtasida munosabat amaldagi qonunchilik talablari doirasida yuritiladi va qatiy ravishda jamiyat manfaatlari himoya qilinadi. Shu bilan birga, “UNG-Petro” MChJda tasarrufdagi barcha tashkilotlar singari komplayens nazorati tashkil etilgan bo‘lib, har bir holatga qonunchilik doirasida tezkor ravishda munosabat bildiriladi. Murojaatda keltirilgan holat o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, barcha zarur choralar ko‘riladi va ma’lumotlar xuquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etiladi.

Kelgusida ham “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi M. Abdullayev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, xato-kamchiliklarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar davom ettiriladi”, deyiladi tashkilot rasmiy munosabatida.

“O‘zbekneftgaz” AJ yuqorida keltirilgan xabarlarini rad etgan holda, ularni chop etish va chop etishdan oldin tekshirishni, shuningdek, yolg‘on va ishonchsiz ma’lumotlarni tarqatganlik uchun respublika va xorijiy davlatlar qonunchiligida tegishli javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid