O‘zbekiston | 19:55 / 01.02.2023
11267
22 daqiqa o‘qiladi

“Hamkorlikda ishlash ko‘nikmasi tiklanishi kerak, kooperativlar bunga xizmat qiladi” - agroekspertlar bilan suhbat

Qishloq xo‘jaligi kooperativlari – dunyo bo‘ylab keng qo‘llanadigan xo‘jalik shakli. Bu shaklni qo‘llash kerakmi-yo‘qmi degan savol rivojlangan jamiyatlarning kun tartibida yo‘q. Ikkita tadbirkor-dehqon nimadadir hamkorlik qilishni istayotgan bo‘lsa, chetdan turib boshqa kimdir “bu ishlaring ma’qul” yo “ma’qulmas” deyishining o‘zi o‘ta g‘alati.

Kun.uz qishloq xo‘jaligi kooperativlari buguni va ertasi haqida soha mutaxassislari bilan suhbat qurdi.

Shokir Sharipov (muxbir): 2022 yilda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi kooperativlari paydo bo‘ldi. Katta yangilik biz uchun, negaki, o‘tgan asrdagi oktyabr inqilobidan beri dehqonlarimiz mustaqil emas. 1991 yilda davlat mustaqillikka erishdi, lekin dehqonlar emas. Yangi ma’muriyat davrida, ya’ni 2016 yildan boshlab isloh qilishga kirishildi va ba’zi ishlar qilindi. Bu ishlarning samarasi o‘laroq eng asosiysi dehqonlar haq-huquqlarini taniy boshladi. Aynan haq-huquqlarni bilish rivojlanishga olib keladi. Va aynan huquqlarni tanish qishloq xo‘jaligi kooperativlari yuzaga kelishiga omil bo‘lyapti – dehqonlar ko‘ngilli ravishda birlasha boshladi. Ammo afsuski, bu jarayonga qarshiliklar bo‘lyapti.

Avvalo bir savolga javob beraylik: fermerlarni qishloq xo‘jaligi kooperativlariga birlashishga nima majbur qiladi?

Mansurjon Rasulov (USAIDʼda agrobiznes loyihasini rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis): Qisqa qilib aytganda, imkoniyatlarni kengaytirish. Bu degani yangi bozorlarga chiqish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning narxini belgilash. Narx belgilash deganda, ma’lum bir sotib oluvchi kompaniya belgilayotgan narx emas, ishlab chiqaruvchilar belgilagan narxda sotish imkoniyati yuzaga keladi. Bu faqat bir tomoni, imkoniyatlari ko‘p.

Kamoliddin Ikromov (“Agrobizes assotsiatsiyasi” jamoat tashkiloti rahbari): Hozirgi voqelikdan kelib chiqadigan bo‘lsak, fermerlar birlashsa, birjadan yoqilg‘i va o‘g‘itlarni arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, yurist, buxgalter – hammasi arzonga tushadi. Ularda tanlov imkoniyatlari ham yuzaga keladi. Erkin birlashishadi va erkin harakat qilishadi. Mahsulotlarini birjaga olib chiqib, o‘zlari sotishadi.

Abduvohid Yakubov (huquqshunos, tadbirkor, fermer): Texnika masalasida ham imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Hozirda qishloq xo‘jaligi texnikalari bir necha mlrd so‘m turadi. Bir kishining sotib olish va garov imkoniyatlari yetmaydi, lekin ko‘pchilikniki yetadi. Boshqa tomonlari ham bor. Deylik, har bitta fermer alohida hisobchi olishi shart bo‘lmaydi yoki chet ellik investor jalb qilishda ham kooperativlarning imkoniyati oshadi.

K.Ikromov: Deylik, meva-sabzavotchilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlar bo‘lsa, birlashib muzlatkichlar qurishi mumkin. Albatta, bir kishiga moddiy tomondan og‘irlik qiladi bu. Bu bilan mahsulot narxi oshgan paytda sotish va eksport imkoniyati paydo bo‘ladi ularda. Deylik, yuqorida aytilgandek, o‘g‘it yoki yoqilg‘ini bir nechta fermer birlashib birjadan olsa, arzonga tushadi. Bir o‘zi bo‘lsa, tadbirkordan olishiga to‘g‘ri keladi va ortiqcha mablag‘ sarflaydi.

M.Rasulov: Har yili duch kelamiz: qaysidir ekinni me’yoridan ko‘p ekib yuborgan bo‘ladi fermer. Yig‘im-terim paytida ko‘pligi ma’lum bo‘lib, sota olishmaydi ortig‘ini. Bozor ehtiyoji o‘rganilmagani uchun fermerlar aybdorga chiqib qolyapti. Ammo fermer yetishtiruvchi, bozorni o‘rganish uchun marketolog kerak. Uning esa oylik maoshi katta bo‘ladi – bitta fermer uchun marketolog yollash qimmatga tushadi. Lekin kooperativga bu qiyin bo‘lmaydi. Umuman, demoqchimanki, har xil qiyinchiliklar bo‘ladi, ularni yengib, inqirozdan chiqib ketish uchun resurslar ko‘p bo‘lishi lozim. Faqatgina kooperativ bo‘lib bunga erishish mumkin.

Mansurjon Rasulov (USAIDʼda agrobiznes loyihasini rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis)

A.Yakubov: Raqobat kuchayyapti. Raqobat bozorida birlashuv, bilim va informatsiya katta rol o‘ynaydi. Fermerning vaqti yo‘q informatsiya o‘rganib o‘tirishga, uning ishi boshqa. Shuning uchun kooperativ kerak bo‘ladi bu yerda.

K.Ikromov: Chetdagi xaridorlar katta miqdorda mahsulot oladi. Lekin ko‘p miqdordagi mahsulotni bir kishi yoki bir necha kishi yetkazib berolmaydi. Bu yerda ham kooperativ kerak bo‘ladi. Kooperativ daromadni ham saqlab beradi. Agar muzlatkichda mahsulot saqlovchi tadbirkor fermerdan mahsulotlarni olsa, arzon payti oladi va fermerning daromadi ko‘p bo‘lmaydi. Ammo kooperativga birlashgan dehqonlar o‘ziga mahsulotni saqlash imkoniyatini yaratishi mumkin. Kooperativlar ko‘paysa, davlat yalpi ichki mahsulot statistikasini to‘g‘ri olishda qiynalmaydi. Har bir dehqondan ma’lumot olib chiqish imkonsiz, lekin kooperativlardan imkoni bor. Statistik ma’lumotlar orqali ma’lumot almashinuv bo‘ladi va fermerlar yo‘qotishlarga duch kelmaydi.

Bundan tashqari yangi qonun loyihasida kooperativlarning ichki integratsiyasi bor. Ya’ni piramida shaklida birlashadi barcha kooperativlar: tuman, viloyat va respublika kesimida birlashadi. Birlashgan holda mamlakatni iqtisodiy jihatdan yuqoriga ko‘tarish imkoniyati bor, buni Yaponiya, Germaniya misolida ko‘rish mumkin.

Kooperativlar demokratik prinsipda boshqariladi, ya’ni qaror qabul qilinayotganda a’zolar ovozi hisobga olinadi. Agar kooperativda mahsulotlar zarariga sotilsa, o‘sha zarar ham teng taqsimlanadi. Shuning uchun ham bankrotlikka olib kelmaydi bunday holatlar. Masalan, Germaniyada 200 yildan oshiq vaqt davomida kooperativlar ishlab kelayotgan bo‘lsa, birortasi bankrot bo‘lmagan.

Sh.Sharipov: Kooperativlar harakatiga nisbatan salbiy fikrlar, e’tirozlar ham bor. Yaqinda bir klaster rahbaridan intervyu olganimda, bu narsani “utopiya”, ya’ni xomxayol dedi. Bu bilan “odamlarimiz kelishib ishlay olmaydi”, degan da’vo ilgari surilyapti. Men shaxsan buni xalqimizga nisbatan haqorat deb hisoblayman. Ammo qayerdan kelib chiqdi bu kayfiyat?

K.Ikromov: Kooperativlarni “utopiya” deyish o‘zbek xalqi tarixiga nisbatan ham haqorat. Chunki miloddan avvalgi 4-asrda ham kooperativlarning tarixiy ko‘rinishi borligi haqida ma’lumotlar bor. Ular birga ishlab, mahsulotlarni ham birga sotishgan.

Sh.Sharipov: Kooperativlarga birlashish sekinlik bilan bo‘ladigan jarayon. Albatta, bunda salbiy holatlar ham bo‘ladi. Lekin salbiy holatlar sabab jarayonga chek qo‘yish mutlaqo xato.

K.Ikromov: Hozirgi mavjud qonunlarga asosan qishloq xo‘jaligi kooperativini boshqa shaklda tuzib qo‘yish mumkin, chunki faqat fermerlardan tashkil topsin degan joyi yo‘q. Lekin yangi qonun loyihasida qat’iy – faqat fermerlardan tashkil topishi va kamida yettita a’zo bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Integratsion kooperativda esa kamida ikkita kooperativ birlashadi va u yerda klasterlar ham a’zo bo‘lib kirishi mumkin.

A.Yakubov: Qonun-qoidalar yo‘qligi ham birlashish imkonsiz degan fikrga kelishga sabab bo‘lyapti. Fermerlarda savollar ko‘p bu borada, javob olish uchun esa tezroq qonun loyihasi qabul qilinishi kerak. Eng ko‘p beriladigan savollardan biri fermerlar turli miqdorda mahsulot topshiradi va uning foydasi qanday taqsimlanadi? Yangi qonunda topshirgan mahsulotidan kelib chiqib foydadan ulush olishi to‘g‘risida yozilgan bandini ko‘rmadim men. Bu narsani aniqlashtirish kerak.

K.Ikromov: Fermer va kooperativ o‘rtasida oldi-berdi shartnomasi bo‘ladi va o‘sha shartnoma asosida mahsulot miqdoriga yarasha pul oladi. Ixtiyoriy va adolatli tarzda ishlaydi kooperativ. Ustav qabul qilinayotganda ham belgilab olinadi tartib-qoidalar.

Sh.Sharipov: “Kooperativ nima uchun kerak, klaster bor-ku”, degan e’tirozlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Klaster va kooperativ o‘rtasidagi farqlar haqida gaplashsak.

M.Rasulov: Klaster jahondagi tushuncha bo‘yicha bir nechta ishlab chiqaruvchilar qo‘shilgan qiymat zanjiri doirasida olib boradigan faoliyat turi. Bizda esa bir kishi egalik qilishi kerak. Klaster tizimi yakka fermerlikdan kooperativ tizimga o‘tish jarayonidagi ko‘prik vazifasini o‘tashi ko‘zda tutilgandi, ammo o‘tish davri cho‘zilib ketdi... Kutilgan natijani ham ta’minlab berolmadi. Fermer paxtasini topshiryapti, ammo ko‘p fermerlar bahorgacha ham pulini ololmayapti. Kooperativlar esa bemalol – xohlagan joyga sotishi mumkin paxtani. Tanlov imkoni va raqobat bo‘lishi kerak. Hozir esa faqat klasterlarga biriktirilyapti, tanlov imkoni yo‘q fermerlarda.

Sh.Sharipov: Yana bir savol: klasterlar yuzaga kelayotganda nechta bozor iqtisodiyoti tamoyili buzildi?

M.Rasulov: Hammasi buzildi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki bozor iqtisodiyotida eng asosiysi – taklif va talab. Bizda esa davlat klasterlarga bo‘lib berdi fermerlarni. Natijada qaysidir klaster yetarli mahsulot ololmadi, qaysidiri ishlamadi, fermerga pulini ham berolmadi. 5 foizlik kreditlar berildi klasterlarga, fermerlarga berilmadi, “o‘zim ham qila olaman” degan fermerga ham berilmadi. Oqibatda klasterlar mahalliy monopoliyalarga aylandi.

Sh.Sharipov: —Majburiy biriktirish bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mutlaqo zid. Tadbirkorlik yuzaga kelishi uchun maydon yaratiladi, huquqiy kafolatlar bo‘ladi, tenglik, antimonopoliya tashkiloti nazorati va hokazo. Bunday muhit yaratilgach, u yerga investor keladi.

M.Rasulov: Bunday muhit yaratilgandan so‘ng raqobat paydo bo‘ladi. Raqobat natijasida soha rivojlanadi. Investor biron joyga kelish uchun qonun-qoidalarni so‘raydi, o‘rganadi, bizda esa o‘sha qoidalarni tushuntirib berolmaydi hech kim, chunki o‘zimiz ham tushunmaymiz. Shaffoflik yo‘qligi uchun ko‘plab investorlar qaytib ketmoqda.

131 ta klaster bor paxtani qayta ishlash bo‘yicha. Ularga fermerlar biriktirilgan. Lekin tanlov imkoniyati berilsa, bu klasterlar keskin kamayib ketadi, chunki o‘sha klasterlarning ko‘pchiligida kuch yetarli emas. Tanlov imkoni berilgach, bankrot bo‘lgan klasterlar bozordan chiqib ketadi va o‘z aktivlarini kooperativlarga yoki boshqa bir klasterga sotadi.

Kooperativlarda a’zolar bir-biriga raqobatchi bo‘lmaydi, ular birgalikda ish olib boradi va imkoniyatlari kengayadi.

K.Ikromov: Klaster tizimi ayni o‘zgarish bo‘lgan paytda to‘g‘ri g‘oya bo‘lgan, o‘sha paytda qishloq xo‘jaligi turg‘un holatga kelib qolgan edi, tashqi bozorlarga chiqish cheklangan edi. Bundan chiqish yo‘li deb esa klaster tizimi taklif qilingan edi. Aslida, yuqorida aytilgandek, bir necha ishlab chiqaruvchilarning birikishi bo‘lishi kerak edi. Ammo bizdagi har bir narsani monopoliya aylantirish an’anasi g‘olib keldi, yakka shaxslarga o‘tib qoldi klasterlar. Texnikalar kirishi, zavodlar qurilishi bir tarafdan yaxshi bo‘ldi, lekin fermerlarni biriktirish hech qaysi qonun-qoidaga to‘g‘ri kelmaydi. Fermerlarga erkinlik berilishi kerak, ya’ni klasterlarni tanlasin yoki mahsulotini birjada sotsin. Klasterlarga kooperativlarni raqobatchi qilib qo‘yadigan bo‘lsak, raqobat muhiti shakllanadi, bu katta foyda keltiradi. Klaster tizimi ham turg‘un holatga kelib qoldi. Ularga imtiyozli kreditlar berilyapti, nega shu paytgacha o‘z mablag‘i hosil bo‘lmaydi? Chunki raqobat yo‘q. Kooperativ tizimini kiritsak, raqobat natijasida klasterlar ham kuchayadi, hamkorlik ham shakllanadi.

Kamoliddin Ikromov (“Agrobizes assotsiatsiyasi” jamoat tashkiloti rahbari)

Klasterlar yakka shaxslar tomonidan boshqariladi, bunda xato qilish ehtimoli ortadi. Kooperativlarda esa ko‘pchilik bo‘lib qarorlar qabul qilinadi, nazorat kuchli bo‘ladi. Umuman olganda, klasterlar ham korrupsion muhitdan zarar ko‘ryapti.

Kooperativlarning o‘zida qayta ishlash imkoniyati yo‘q bo‘lsa, klasterlar bilan ishlaydi. O‘zbekistonda hozirgi kunda yetishtirilayotgan paxtaning 60 foizidan ko‘pini dastlabki qayta ishlash imkoniyati bor, bu degani chetdan ham olib kirish mumkin. Ip-kalava zavodlarining imkoniyati ham 120 foiz, yetishtirilayotgan paxtaga nisbatan. Kooperativlar o‘sha zavodlarni ijaraga olishi yoki sotib olishi mumkin. Ya’ni kooperativlar uchun ishlab chiqarishda muammo yo‘q.

Umuman, bozor mexanizmlari ishlasa, paxtachilik, g‘allachilik va boshqalar o‘z yo‘lini topib oladi. Kooperativlar tashkil qilish masalasi kelib chiqishiga sabab 2020 yildagi qarorda klasterlar bo‘lmagan hududda paxtachilik kooperativlari tashkil qilish kerakligi belgilab berilgan. O‘sha paytda tuzilgan 11 ta kooperativ yaxshi foyda qilgan. Shu qarorga asoslanib, klaster bor hududda kooperativ tashkil qilish mumkinmas deyishadi ba’zi ma’muriy idoralar, hokimliklar. Lekin bu noto‘g‘ri, taqiqlash to‘g‘risida gap yo‘q qonunda, sharhlarda ham aytilgan. Kooperativlar paxtachilik va g‘allachilik paydo bo‘layotganiga sabab naxlarda muammo bor, foyda qilish qiyin bo‘lyapti.

Klasterlarning olib kelgan texnikalari, fermerlardan ayrilishi masalasi katta muammo emas. Chunki tola eksportiga cheklov bor baribir, chetga chiqib ketmaydi. Shuning uchun bu borada klasterlar ishlashi mumkin yoki texnikasini sotishi, yoki bo‘lmasam kooperativlar bilan hamkorlikda ishlashi mumkin. O‘zbekistonda texnika muammo hozirda, shuning uchun hech qachon ularning texnikalari keraksiz bo‘lib qolmaydi. Bizda tola yetishmasligi ham bor, lekin fermerlarni rag‘batlantirish evaziga yetmayotgan paxtani ham o‘zimizda yetishtirish mumkin. Qoraqalpog‘iston va Farg‘onadagi kooperativlarda fermerlar juda yaxshi natija ko‘rsatishdi paxtachilikda. Ya’ni o‘zi uchun ishlagani sababli bo‘ldi bu.

M.Rasulev: Klaster to‘xtatilsa, paxta ekilmay qoladi, degan gaplar ham bo‘ladi. Unday emas – paxta faqat manfaat bo‘lmaganda ekilmaydi. Kooperativlar tizimi joriy qilinsa, manfaatdorlik darajasi oshib boradi. Fermerda tanlov imkoni bo‘lsa, u ishlay boshlaydi. Va biz paxta maydonlarini ko‘paytirishimiz emas, unumdorlikni oshirishimiz kerak. Buning yo‘li esa manfaatdorlikni oshirish. Buning uchun esa klaster tizimiga alternativ tizim yaratish kerak. Shunda klasterlar ham, kooperativlar ham rivojlanadi. Umuman soha rivojlanadi.

K.Ikromov: Paxtaning har doim xaridori bor – ekiladi. Ishlab chiqarish quvvati oshig‘i bilan mavjud.

A.Yakubov: Agar fermerlar kooperativ doirasida paxtani qayta ishlasa, ularga o‘sha paxtaning chigitidan olinadigan yem mahsulotlari qaytarib beriladi. O‘z-o‘zidan fermerda chorva mollarini boqishga imkoniyat tug‘iladi, bozorlarda go‘sht, sut mahsulotlarining narxi ko‘tarilmasligi yoki pasayishiga olib keladi. Chorva ko‘paygach, mineral o‘g‘itlar ko‘payadi, dalaning holati yaxshilanadi.

K.Ikromov: Masalan, o‘nta fermer kooperativga birlashdi deylik. Qaysidir fermer g‘alla, qaysidir fermer paxta ekadi. Kimningdir kuchsiz yeri bo‘sh qolsa, o‘sha yerga chorva mollari uchun beda ekishi mumkin. Ozuqa bazasi bo‘ladi. Almashtirib ekish hosildorlikni orttiradi. Kooperativga chorvador fermerlar qo‘shilishi boshqa fermerlarning yeri o‘g‘it bilan ta’minlanishiga olib keladi.

Sh.Sharipov: Narx mavzusi bozor iqtisodiyoti uchun – “muqaddas”, ya’ni bozor iqtisodiyotida narxni talab-taklif belgilaydi, vazirlik yo boshqa emas. Kooperativchilik harakati bunga yordam beradi.

M.Rasulov: Eng to‘g‘ri yo‘l o‘z birjamizni shakllantirish. Mahalliy birja shakllanishi uchun esa bizning ishlab chiqaruvchilarimiz birja orqali ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Qayta ishlangan mahsulotning ham, birlamchi mahsulotning ham birja orqali narxi belgilanishi kerak. Hukumatga ham oson bo‘ladi. Hozir esa har yili vazirlik narx belgilash masalasini ko‘radi.

K.Ikromov: Hamma fermer klasterni tashlab, kooperativlarga o‘tib ketadimi, degan qo‘rquv ham bor. Unday bo‘lmaydi. Kooperativda kelishib ishlash kerak bo‘ladi, lekin hamma bunday ishlay olmaydi va klasterlar bilan ishlayveradi.

Sh.Sharipov: Eng muhimi, bu narsa klasterlarni harakatga keltiradi. Fermerlarning haq-huquqlarini buzmaslikka harakat undaydi. Katta klaster egalarining fermerlarga munosabati haqida bizga ko‘p ma’lumot keladi. Biz ulardan hayratga tushamiz. Bu narsa ijtimoiy taranglikni kuchaytiradi.

K.Ikromov: Ha, hozir vaziyat tarang. Kooperativlar shakllanishi ikki tizimga ham (klaster, kooperativ) foyda bo‘ladi. Birgalikda ishlash ko‘nikmalari shakllanadi.

Sh.Sharipov: Suv masalasi bor. Mintaqamizda katta muammo bu. Bilamizki, muammo negizida suv isrofi yotadi qishloq xo‘jaligida eskicha sug‘orish. Yechim – manfaat bo‘lsagina tejash yo‘lga qo‘yiladi.

K.Ikromov: Chet elda suvni ham kooperativlar boshqaradi. Suv yetkazib beruvchi tashkilotlardan sotib oladi ular. Va kooperativdagi fermerlarga taqsimlanadi. Agar suv sababli zarar ko‘rilsa, barcha fermerlar birday zarar ko‘radi. Shuning uchun tejab ishlatishga harakat qilishadi.

Sh.Sharipov: Faqat ishi yurishganlardan nimanidir so‘rash, talab qilish mumkin. Dehqon ham shu – u erkin bo‘lsa, ishi yurishsa, suvni tejagani uchun qandaydir subsidiyalar berilsa, o‘shanda tejash tizimlari yo‘lga qo‘yiladi. Boshqa yo‘li yo‘q.

K.Ikromov: Hozir subsidiyalar berilyapti, lekin bu yerdayam korrupsion holat bor. Monopolist bo‘lgan tomchilab sug‘orish sistemasi olib kiruvchi korxonadan olsangizgina subsidiya beriladi, mustaqil o‘zingiz olib kirsangiz, subsidiya ololmaysiz. Masalan, o‘zimizda 20 mln bo‘lsa, chetdan 800 dollarga olish mumkin. Subsidiya berilgan holatdan ham arzon tushadi.

Fermerlar bezib qoldi bundan. Birinchi bosqichda monopol korxona olib kelib o‘rnatib berdi-da, ishlatishni o‘rgatmadi. Ikkinchi bosqichda shunchaki olib kelib berishdi, o‘rnatishmadi ham. Birinchi o‘rinda bu tizimning ilmini berish va bozorni ochib berishi kerak edi.

Sh.Sharipov: Biroz fikringizga qo‘shilmayman – manfaatdor bo‘lgandan keyin fermerlarning o‘zlari izlanadi.

Abduvohid Yakubov (huquqshunos, tadbirkor, fermer)

A.Yakubov: Tomchilab sug‘orish tizimi qachonki biz aytayotgan islohot amalga oshsa, amalga kirishi mumkin. Fermer o‘zi xohlagan ekinini eksa, xohlagan odamga sotsa, o‘shanda tomchilab sug‘orishdan manfaatdor bo‘ladi. Erksiz fermer buni joriy qilmaydi.

K.Ikromov: Fermerlarga nima tavsiya bera olamiz? Kooperativ ochishga qonuniy jihatdan hech qanday to‘siq yo‘q. Birgina imtiyozli kredit olish borasida muammo bo‘lishi mumkin. Lekin bu muammoni ham yechib beramiz, deyishyapti. G‘allachilikda bu borada muammo yo‘q, faqat paxtachilikda bor. Agar erkinliklar berilsa, paxtachilikda fermer hech qachon zararga kirmaydi, chunki doim sotib oluvchi bor. Erkinlik berilsa, O‘zbekiston paxtachilikdan chiqib ketadi, degan fikr xato.

Yuqorida aytilgandek, o‘g‘itlarni ham kooperativ tarzida ulgurji sotib olsa, arzon tushadi. Klasterlardan olishda esa qonunan belgilab qo‘yilgan tarzda ustiga narx qo‘yilgan holda sotib oladi. Shuning uchun ehtiyot shart bo‘lsa ham, kooperativlarni ochib, ishlatib qo‘yish kerak. Klasterlar bankrot bo‘lishi holati bor, o‘shanday holatda kooperativ orqali muammolarini hal qilish mumkin.

A.Yakubov: Fermerlar klasterlar bilan ishlashni davom ettirmoqchi bo‘lsa ham, kooperativlarga qo‘shilishni tavsiya qilaman. Hech bo‘lmaganda, buxgalteriya xizmatlari, huquqiy xizmatlarni ko‘rsatish uchun ham kooperativlarga birlashsa, yaxshi bo‘ladi. Birlashishdan qo‘rqmaslik kerak.

Sh.Sharipov: Ko‘rsatuvimizga yakuniy xulosa qilib aytmoqchimanki, biz bir muammoga yechim topish uchun o‘sha muammoni boshimizdan o‘tkazish odatini yo‘qotishimiz kerak – boshqalar tajribasiga qarab muammolarni oldindan hal qilsak bo‘ladi. “Velosipedni qayta ixtiro qilmasdan”, mutaxassislarning fikri bo‘yicha ish tutishimiz kerak.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid