19:15 / 02.02.2023
36638

“Hoy bolakay, obakidandon yeysanmi?” Mashhur film qahramoni bo‘lgan “hindular sarkardasi”ning ayanchli taqdiri

“Ungacha Kanada chegaralariga yetib olamiz”, “Bolakay, hoy bolakay, obakidandon yeysanmi?”, “Nega burningiz sholg‘omga o‘xshaydi?”: Mazkur jumlalarning barchasi bundan 60 yil muqaddam suratga olingan “Ishbilarmon odamlar” filmida yangraydi va ular bizga yod bo‘lib ketgan. Filmda rol o‘ynagan sho‘x bolakay shu paytgacha biror marta suratga tushmaganiga qaramay Georgiy Vitsin va Aleksey Smirnov kabi mashhur aktyorlar oldida o‘zini ko‘rsata olgan.

O.Genri qalamiga mansub bu asar 1962 yilda ekran yuzini ko‘radi. Filmda o‘zi bor-yo‘g‘i to‘rt nafar aktyor o‘ynagan va ularning uch nafari ittifoq miqyosida juda mashhur edi. O‘g‘rilar, Vitsin va Smirnovdan tashqari bolakayning otasi rolini ijro etgan Georgiy Millyar (uni filmlardagi yalmog‘iz roli orqali tanishadi) ham bor edi. Lekin bu mashhur uchlikni birinchi marta suratga tushishidayoq hammani hayratlantirgan sepkilli bolakayning mahorati qoyil qoldirdi.

Jonni Dorsetga qadar

Filmdagi bolakayning ismi Jonni bo‘lib, u badavlat Ebenezer Dorsetning yagona o‘g‘li edi. Bola o‘g‘rilari katta o‘lja deya baholab uni olib qochishadi. U yog‘ini filmni tomosha qilganlar juda yaxshi bilishadi.

Jonnini gavdalantirgan Sergey Tixonov 1950 yilning 25 dekabrida Moskvada tug‘ilgan. Boshqalardan ko‘p ham farq qilmaydigan bolakay hali o‘zi ham mashhur bo‘lib ulgurmagan Leonid Gaydayning e’tiboriga tushgani ham qiziq.

Gayday dastlab Jonni roliga 32 yoshli Nadejda Rumyansevani mo‘ljallagandi. Yosh omili ta’sir qildimi yoki 12 yoshli Seryoja rejissyorni hayron qoldirdimi, xullas bu rol Tixonovga nasib qiladi. Sergey o‘z roliga shu qadar kirishib ketadiki, hech kim suratga olish maydonida qiynalmaydi. Yana bolakayning o‘ziga xos qiyofasi va qiliqlariga ko‘ra film yangi kadrlar bilan boyiydi va yakuniy shaklga kiradi. Film ekranlarga chiqqach, juda katta shuhrat qozonadi, Seryoja Tixonov esa butunittifoq yoqimtoyiga aylanadi.

Navbatdagi rollar

“Ishbilarmon odamlar” filmidan keyin ikki yil o‘tib rejissyor Yevgeniy Sherstobitov Seryojaga yana bir sho‘x bolakay rolini berdi. Mafkuraviy maqsadlar ko‘zlangan filmdagi bu obraz ham muvaffaqiyatli chiqdi.

U 1967 yilda “Dubravka” nomli filmda suratga tushadi va unda “Dazmol” laqabli bezori o‘smir obrazini ekranga olib chiqadi. Bu film ham yetarlicha muvaffaqiyat qozonadi va endi Tixonov katta kino sari qadam qo‘yishi uchun barcha asoslar bordek edi. Afsuski, Sergey Tixonovning uchinchi roli oxirgisi bo‘ldi.

Omadsizlik

Seryoja Tixinov maktabni bitirganidan keyin kino san’ati institutida o‘qishiga va mashhur aktyor bo‘lishiga hech kim shubha qilmayotgandi. Chindan ham Sergey o‘z hujjatlarini Butunittifoq kinematografiya institutiga topshiradi. “Hindular sarkardasi” bo‘lgan bolakayning birinchi urinishdayoq qabul qilinishiga hamma amin bo‘lib turgan bir paytda imtihon olayotgan Sergey Gerasimov va Tamara Makarovalar Seryojani yiqitadilar.

Tixonov harbiy xizmatga ketadi va ikki yillik armiyadan so‘ng Moskvaga qaytadi. Unda yana institutga hujjat topshirish, hech bo‘lmaganda filmlardagi sinovlarda ishtirok etish imkoniyati bor edi. Ammo barchaning yoqimtoyi bo‘lgan bolakay hayotda o‘z o‘rnini topa olmadi.

Qimor va halokat

Zavodda ishladi, ot poygalariga pul tika boshladi, topgan arzimas maoshini qimorga boy berishni odat qildi. Ayanchli kunlarning birida u tramvayning ostida qolib, halok bo‘ldi. Uning o‘limi bilan bog‘liq turli mish-mishlar tarqaldi. Kimdir uni qarzlari tufayli o‘z joniga qasd qilgan, desa, yana kimdir qimorbozlar tramvay tagiga tashlab o‘ldirib yuborishgan, degan taxminlarni ilgari surdi.

Shunday qilib qobiliyatli aktyorning umri 21 yoshida yakun topdi. U Moskvaning Ximki qabristoniga dafn etilgan. Yarim asrdan ortiq vaqt o‘tibdiki, uning qabriga hanuz gul qo‘yib ketuvchilar bor. Chunki haligacha sepkilli bolakay ekranlarda paydo bo‘lishi bilan hammaning yuziga tabassum yuguradi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top