Jahon | 14:10 / 18.03.2026
1865
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada davlat ko‘magida olingan filmlarning 88 foizi prokatda o‘zini oqlamadi

“Gazeta.ru” nashri KG PROGRESS Tadqiqot markazi tahliliga tayanib yozishicha, o‘tgan yili davlat ko‘magi bilan ishlangan 40 dan ortiq filmdan atigi 5 tasi prokatda o‘zini oqlagan. Undan bir yil avval esa 23 filmdan 5 tasi xarajatini qoplagan.

Foto: Alexander Shcherbak/TASS/picture alliance/dpa

Rossiyada 2025 yilda davlat ko‘magi bilan suratga olingan filmlarning 88 foizi prokatda o‘zini oqlamagan. Bu haqda 17 mart, seshanba kuni “Gazeta.ru” nashri KG PROGRESS Tadqiqot markazi tahlili natijalariga tayanib xabar qildi. Tahlil Kino fondi, Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi, kinoteatr zallarida filmlar namoyishi haqidagi ma’lumotlarning Yagona federal avtomatlashtirilgan axborot tizimi va “Kinopoisk” servisi ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda davlat ko‘magida suratga olingan Rossiya filmlaridan atigi 5 tasi prokatda o‘zini oqlagan. Bunday filmlar jami 41 ta bo‘lgan. Bir yil avval esa davlat mablag‘lari ajratilgan 23 ta filmdan 18 tasi o‘zini oqlamagan, bu 78 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, davlat ko‘magi bilan ishlangan filmlar orasida eng serdaromad loyiha Aleksandr Volkovning ertaklar turkumining birinchi qismi asosida suratga olingan “Zumrad shahar sehrgari. Sariq g‘ishtli yo‘l” filmi bo‘lgan. 2025 yilda ekranga chiqqan ushbu kartina 1,39 milliard rubl miqdorida foyda keltirgan.

“Aleksandr Pushkin tarixi” filmi esa xarajatlardan tashqari taxminan 37 million rubl daromad olgan.

Eng katta muvaffaqiyatsizlik esa “Yovuz shahar” filmida kuzatilib, u 1,86 milliard rubldan ortiq zarar keltirgan. Davlat ko‘magi bilan ishlangan yana oltita film ham 1 milliard rubldan ziyod yo‘qotish bilan eng zararli kartinalar qatoriga kirgan. Ular orasida “Ayoz boboga maktub”, “Ro‘yxatlarda turmagan”, “Rodnina”, “Shimoliy qutb”, “Olimpdagi birinchi” va “Kraken” bor.

Ayni paytda, “Kraken” filmini yaratish uchun davlat budjetidan juda katta miqdorda — 760 million rubl ajratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid