Bunyodkor ko‘chasi va Kichik halqa yo‘li kesishmasida joylashgan, “Chilonzor” metro bekati joylashgan hudud – poytaxtning eng gavjum nuqtalaridan biri. Bu yerda avtomobillarning haddan ziyod ko‘pligi hamda yo‘l kengligidan atrofga katta zarar yetmoqda, piyodalarga esa qulay sharoitlar yaratilmagan.

Chorrahadan 23 ta avtobus va 7 ta mikroavtobus harakatlanishi ham hududning o‘ta gavjumligini ko‘rsatadi. Ko‘p reyslar takrorlanib qolgan. Bunda transport tizimini soddalashtirish va takomillashtirish kerak. Shundan kelib chiqib liniyaga BRT (Bus rapid transit – tez qatnovchi avtobus) qo‘yilsa, uni boshqa transport hablariga ham ulash mumkin bo‘ladi.
Masalan, elektrobuslarni qo‘ysa, alohida yo‘lak borligi hisobiga bu transportning o‘rtacha tezligi oshadi va hozirgi avtobuslarga nisbatan zararsiz bo‘ladi. Shuningdek, bekatlar boshqa davlatlarda qilingani kabi, turniketli bo‘lishi kerak.

Bu yerda piyodalarga yaratilgan imkoniyatlar juda oz. Yo‘l ustidan o‘tish uchun ikki tomonga yo‘lak qilingan, xolos. Shu bilan barcha qulayliklar tamom. Odamlar yo‘lning narigi tomoniga o‘tish uchun yerosti yo‘lagidan deyarli foydalanmaydi. Asosan yer ustidan yo‘lni kesib o‘tishadi. Chunki yerosti yo‘lagi piyodalar harakati uchun noqulay.
Shaharda sog‘lom odamlardan tashqari, harakati cheklangan insonlar: homilador, bolali ayollar, qariyalar bor. Shuning uchun piyodalar o‘tish yo‘lini yer ustida qilgan ma’qul. Unda harakatlanish xavfsiz bo‘lishi uchun esa xavfsizlik orolchalari tashkil qilinishi lozim.

Yo‘lni toraytirish zarur. Menimcha, avtomobillar uchun 3 ta yo‘lak ham yetarli bo‘ladi. Qisqartirilgan joylarni velosipedchilarga moslash, yashil maydonga aylantirish hamda u yerga pulli parkomatlar o‘rnatgan foydali. Ishoning, shundan keyin yo‘llar kengligidan piyodalarga ham joy qoladi.












