12:10 / 04.02.2023
6488

Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet o‘zbekistonlik talabalar uchun stipendiyalar ajratishi mumkin

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDShU) rektori Gulchehra Rixsiyeva boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Saudiya Arabistoniga safar chog‘ida Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet (KAU) rektori vazifasini bajaruvchi Hana bint Abdulloh an-Naim bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Muzokaralar chog‘ida arab tilini o‘qitish sohasida TDShU o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, turli sohalarda o‘zbekistonlik talabalar uchun bakalavr va magistratura bosqichlarida stipendiyalar ajratish, o‘zaro almashuvlar yo‘nalishida hamkorlik qilish takliflari bildirildi.

Tomonlar TDShU huzurida tashkil etilayotgan «Mahmud Zamaxshariy nomidagi ilmiy-tadqiqotlar markazi»ni barpo etishda Saudiya tomonining ishtiroki, Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet kutubxonasidagi mavjud adabiyotlarning taqdim etilishi yuzasidan ham fikr almashdi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijasida TDShU va KAU o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Anglashuv memorandumi loyihasini kelishish va imzolashga ahdlashib olindi.

Podshoh Abdulaziz nomidagi universitet 1967 yilda Jidda shahrida barpo etilgan. Hozirgi kunda 110 ming nafar talabaga 2500 dan ortiq professor-o‘qituvchilar ta’lim bermoqda. Mazkur oliy ta’lim muassasasida iqtisodiyot, gumanitar fanlar, ilm-fan, muhandislik, tibbiyot, astronomiya, dengiz fanlari, huquq, qishloq xo‘jaligi, meteorologiya, stomatologiya, farmatsevtika fakultetlari mavjud.

Mavzuga oid
Top