Rossiya Baxmutni qurshab olayotganini aytdi. Frontning eng qaynoq uchastkasida aslida nimalar bo‘lmoqda?
Donetsk oblastining Soledar shahri egallangach, Rossiya qo‘shini qo‘shni Baxmut atrofidagi halqani toraytira boshladi. Hozirda ushbu aholi yashash manzili – RF armiyasining asosiy maqsadi bo‘lib turibdi. Ayni vaqtda Baxmutda nimalar bo‘lmoqda va ukrain harbiylari uni yana qancha vaqtgacha ushlab tura oladi?
Seshanba kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Baxmutdagi vaziyat (Rossiya hukumati uni eski nomi – Artemovsk bilan ataydi) Rossiya qo‘shinlari uchun muvaffaqiyatli kechayotganini aytdi.
Voqea joyidan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Baxmutdan atigi olti kilometr shimolda joylashgan Soledar egallangach, RF armiyasi harbiylari va «Vagner» guruhining yollanma jangchilari asta-sekinlik bilan ukrainlarning pozitsiyalari tomon harakatlanishda davom etgan.
Shoyguning tasdiqlashicha, Rossiya qo‘shini Blahodatnoye va Podgornoye posyolkalarini egallagan. Bu aholi yashash manzillari Baxmutdan shimolroqda, shaharni Seversk va Slovyansk bilan bog‘lovchi trassa bo‘yida joylashgan.
Ammo Shoyguning so‘zlari Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi tomonidan qisman rad etildi. «Qayd etish kerakki, Soledar shahridan Ukraina qo‘shini 25 yanvardayoq, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu haqda rasman e’lon qilishidan oldinroq olib chiqilgan. Boshqa aholi yashash punktlariga keladigan bo‘lsak, ayni vaqtda ular dushman tomonidan egallangani tasdiqlanmagan. Ukraina mudofaa kuchlari ko‘rsatilgan barcha yo‘nalishlarda himoyalanishda davom etmoqda», deyilgan bayonotda.
Ukraina harbiylari Shoygu aytgan yo‘ldan qurollar va o‘q-dori zaxirasini to‘ldirish, jangchilarni rotatsiya qilish uchun foydalanmoqda.
Baxmut shimolidagi Rossiya qo‘shini Konstantinovka shahriga olib boruvchi trassaga yaqinlashmoqda. Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, RF armiyasi ushbu trassadan to‘rt kilometr janubdagi Kleshchiyevka posyolkasini egallagan.
Baxmutdan chiquvchi uchta yo‘ldan ikkitasi to‘sib qo‘yilganmi?
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining 6 fevral kuni ertalabki svodkasida aytilishicha, Ukraina qo‘shini rossiyaliklarning Severskka ketuvchi trassadan sharqda joylashgan Zaliznyanskoye qishlog‘iga qilingan hujumini qaytargan. Shuningdek, bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, Ivanovskoyega qilingan hujum ham qaytarilgan (avval Chervonoye deb atalgan bu qishloq Kleshchiyevkadan g‘arbda, Konstantinovkaga boruvchi trassa bo‘yida joylashgan).
Bu ma’lumot shuni ko‘rsatadiki, RF armiyasi ayni vaqtga kelib boshqa hududlarni Baxmut bilan bog‘lovchi uchta logistik marshrutdan ikkitasini kesib qo‘ygan yoki shunga yaqin.
Ammo 7 fevral kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi RF armiyasi Baxmut yo‘nalishida boshqa joylar (Zaliznyanskoye, Krasnaya Gora, Baxmut, Ivanovskoye, Mikolayivka, Stupochki, Kurdyumovka, Nyu-York va Veseloye) qatori Kleshchiyevkani ham o‘qqa tutgani haqida xabar berdi. Bu esa shuni anglatadiki, Kleshchiyevka hamon ukrain harbiylari nazoratida qolayotgan bo‘lishi mumkin.
Fevral oyi boshida Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Rossiya barcha kuchlarini Baxmutni qurshab olish uchun tashlagani haqida aytgandi.
Ukraina qo‘shinlari Sharqiy guruhi rasmiy vakili BBC nashrining ushbu yo‘nalishdagi vaziyat bo‘yicha so‘roviga javob bermagan.
Mudofaa tutib turiladimi yoki chekiniladimi?
Baxmutdagi murakkab vaziyat haqida shaharda bo‘lib turgan ukrain harbiylari ham xabar berishgan.
Ukrain bo‘linmalaridan birining komandiri Denis Yaroslavskiy dushanba kuni «Nastoyashcheye vremya» telekanaliga rossiyaliklar Baxmutning uchdan ikki qismini egallab turgani va shaharda vaziyat ukrainlar uchun juda og‘irlashganini aytgandi.
«Dushman shaharning bir qismini egallagan – sanoat zonasi va daryo bo‘yidagi xususiy sektorni. Ular frontning kichik uchastkasini yorib o‘tib, bizning pozitsiyalarimizga yaqinlashib kelmoqda. Hozirda shahar muntazam ravishda dushman minomyotlaridan o‘qqa tutilmoqda», degan Yaroslavskiy.
Baxmutka daryosi shaharni ikki noteng qismlarga ajratib turadi. Daryoning sharqiy sohilida asosan xususiy turar joylar, uning shimolrog‘ida esa sanoat zonasi joylashgan. Bir necha oydan buyon mazkur hududda shiddatli janglar kechayotgandi.
Shaharning Baxmutkadan g‘arbdagi qismi nisbatan kattaroq maydonni egallaydi, shahar ma’muriy markazi ham shu tomonda. Masalan, Baxmut shahar kengashi binosi daryo qirg‘og‘idan olti yuz metr g‘arbda joylashgan.
Denis Yaroslavskiyning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar Ukrainaning boshqa hududlaridan Baxmutga keluvchi ikkita asosiy yo‘lga zarba berish darajasida yaqinlashib kelgan va shaharni ta’minotdan uzil-kesil uzib qo‘yishga harakat qilmoqda.
Ukrainalik ofitser shuningdek, Baxmutni endi vagnerchilar emas, balki Rossiya armiyasining muntazam qismlari shturm qilayotganini aytib o‘tgan.
«Ular harbiylarning professional tilida so‘zlashmoqda. Barcha mezonlar bu Rossiya Federatsiyasining muntazam armiyasi ekanini ko‘rsatadi. Ha, ular yaxshi ta’lim ko‘rgan - buni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Agar bularning bir qismi safarbar qilinganlar bo‘lsa ham, ko‘proq qismi muntazam armiya askarlari», deya tan oladi Yaroslavskiy.
Yaqinda Ukraina qurolli kuchlari Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, general-polkovnik Oleksandr Sirskiy ham Baxmutdagi vaziyat haqida aytib o‘tgandi. Uning ta’kidlashicha, aynan shu hudud uzoq vaqt davomida mudofaaga tayyorgarlik ko‘rgan, bu yerda muhandislik to‘siqlari tizimi barpo etilgan, qolaversa, relef ham mudofaa amaliyotlari uchun qulay hisoblanadi.
«Muhandislik to‘siqlarining puxta o‘ylangan tizimi tabiiy landshaft bilan birgalikda bu hududni chinakamiga yaqinlashib bo‘lmaydigan qal’aga aylantirdi, uning devorlari ostida minglab dushmanlar o‘lim topdi. Biz dushmanning eng yaxshi bo‘linmalarini yo‘q qilish uchun har qanday imkoniyatdan – ham muhandislik, ham tabiiy imkoniyatlardan foydalanamiz. Jang davom etadi», degan ukrainalik qo‘mondon.
Sirskiy shu kunlarda Baxmutga kelgan va bevosita jang ketayotgan hududlarda bo‘lgan.
«Vaqtdan yutish»
Ammo xorij razvedkasi va tahliliy markazlar hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlari yaqin vaqtlar ichida Baxmutdan chekinishga majbur bo‘lishi mumkin.
Xususan, Estoniya razvedka boshqarmasi rahbari Margo Grosberg 3 fevral kuni ukrain harbiylari shaharni tark etishi mumkinligi, chunki bundan buyog‘iga mudofaani davom ettirish resurslarni asossiz sarflash hisoblanishini aytdi.
«Baxmutni tutib turish orqali, Ukraina kuchlari Kramatorsk va Slovyansk kabi boshqa shaharlar va aholi yashash manzillarini himoya qilish maqsadida yangi mudofaa chiziqlarini barpo etish uchun vaqtdan yutdi. Yaqin kunlar ichida Ukraina kuchlari Baxmutdan ketishi mumkin. Barchasi yangi mudofaa chiziqlarining tayyorlik darajasiga bog‘liq. Qaysidir pallaga borib shaharni tutib turish uchun resurslarni sarflashda davom etishdan ma’no qolmaydi», degan Grosberg.
Grosbergning fikricha, Baxmut RF nazoratiga o‘tishi frontda qandaydir jiddiy o‘zgarishga olib kelmaydi, ammo Rossiya uchun axborot operatsiyalarida zarur bo‘lgan ruhiy g‘alaba bo‘ladi.
Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko ham Baxmut rossiyaliklar qo‘liga o‘tishi mumkinligini istisno etmagan, ammo ularning butun Donetsk oblastini egallash rejalari amalga oshishi imkon doirasidagi ish ekaniga shubha bildirgan.
«Hech qanday ssenariyni istisno etib bo‘lmaydi. Ammo biz faqat vertikal bo‘yicha harakat qilamiz. Barcha harbiylar mudofaa chiziqlarida turibdi. Va bu ro‘y bermasligi (Baxmut boy berilmasligi) uchun barcha choralar ko‘riladi», degan Kirilenko «Ozodlik radiosi»ga bergan intervyusida.
Oblast ma’muriyati rahbari hukumat ukrain askarlaridan «to‘p yemi» sifatida foydalanmoqchi emasligini ta’kidlab o‘tgan. «Hozircha Baxmut dosh bermoqda. Biz imkon qadar ko‘proq dushmanni yo‘q qilib, ularning hujumga o‘tish shijoatini so‘ndirish uchun barcha ishni qilamiz», degan Kirilenko.
Ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovetsning hisoblashicha, Baxmut atrofidagi voqealarning keyingi rivoji ko‘p jihatdan Ukraina qurolli kuchlari Konstantinovka trassasi (T-0504 yo‘li) atrofidagi pozitsiyalarini ushlab qolishiga bog‘liq.
«Agar dushman T-0504 yo‘liga chiqsa va Chasiv Yar uchun jang boshlasa, shuningdek Berxovskiy suv omboriga yorib kirsa..., bu holda Baxmutni tashlab chiqishga to‘g‘ri keladi», deb hisoblaydi ekspert.
Prezident Zelenskiy ham Baxmutdagi vaziyatni og‘ir deb atagan, ammo «imkon qadar kurash davom ettirilishi»ni va’da qilgan.
Mavzuga oid
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
14:56 / 12.11.2024
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51 / 12.11.2024