17:35 / 10.02.2023
15340

Prokurorlarning uchta vakolati sudlarga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokurorlardan sudlarga o‘tkaziladi.

Foto: Kun.uz

2022 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, shu orqali jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash amaliyoti kengaytiriladi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 3 yilda fuqarolarga tegishli 4 mingga yaqin mulklar tergovda xatlangan bo‘lib, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha sud tomonidan ularning atigi 1,3 mingtasiga undiruv qaratilgan, 2,7 mingta mulk tergov davrida ortiqcha xatlangani sababli, keyinchalik xatlov bekor qilingan.

Shuningdek, jinoyat ishini sudlarga ayblov xulosasi (ayblov dalolatnomasi) va himoyachi fikri bilan birga taqdim etish tartibi joriy etiladi.

Izohlanishicha, hozirda jinoyat ishlari sudlarga faqat ayblov xulosasi bilan beriladi, natijada sudyalarda ish bilan tanishish jarayonining o‘zida ayblovga moyillik paydo bo‘ladi. Jinoyat protsessida tomonlar tengligini ta’minlash maqsadida himoyachi fikrini ham sudga kiritish belgilanadi.

Yuqoridagilarni o‘z ichiga oluvchi qonun loyihasi 2023 yil iyul oyigacha tayyor bo‘lishi kerak.

Shuningdek, 2023 yil iyun oyigacha boshqa bir qonun loyihasi ham ishlab chiqiladi. Unga asosan, fuqarolar o‘zlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlari va mansabdor shaxslarning qaror va harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda davlat boji stavkalari pasaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur takliflarni prezident Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida parlamentga murojaatida aytib o‘tgan edi.

P.S. Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz bilan bog‘lanib, xabarning dastlabki talqinidagi “hokim qarorlari bo‘yicha shikoyatlarni boshqa hududlardagi sudlarda ko‘rish amaliyoti joriy qilinmasligi mumkin”ligi haqiqatdan yiroq ekanini ma’lum qildi. Ma’lum qilinishicha, bu davlat dasturiga kiritilmagan bo‘lsa-da, o‘tgan oyda imzolangan prezident farmonida ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi "Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bilan tasdiqlangan 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturining "Odil sudlov sifatini tubdan oshirish" nomli II-qismi 5-bandida aynan ma’muriy sudlar faoliyatiga huquqi buzilgan fuqaro – arizachining xohishiga qarab eksterritorial sudlovga tegishlilik mexanizmini joriy etish bo‘yicha 2023 yil noyabr oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqish belgilangan”, – deya ma’lum qildi Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.

Top