O‘zbekiston | 12:24 / 20.12.2022
5887
2 daqiqa o‘qiladi

Tintuv o‘tkazish, telefonni eshitish va mulkni xatlashga sanksiya prokuraturadan sudga o‘tkaziladi

Prezident tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar berilishini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida sud tizimida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida aytib o‘tdi. Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolati prokuraturadan sudga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

«Endi, tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish bo‘yicha ozmuncha harakat qilyapmiz-mi?» - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi.

«Tergov sifatini oshirish bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘ramiz. Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak.

Shu bilan birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi.

«Nima uchun, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilmaydi? Bunday holatd́a tenglik haqida qanday gapirish mumkin? Endi, sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinadi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi», — dedi prezident.

Mavzuga oid