Jahon | 14:54 / 11.02.2023
10868
2 daqiqa o‘qiladi

8 milliondan ortiq ukrainalik qochqin sifatida Yevropaga ko‘chib o‘tdi

Rossiya bosqinining boshidan buyon 8 milliondan ortiq ukrainalik qochqinga aylangan va Yevropa davlatlariga ko‘chib o‘tgan. Bu haqda Birlashgan millatlar tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasining yangilangan hisobotida aytilgan. 

Foto: Reuters

Ulardan 4,8 million kishi Yevropa Ittifoqida vaqtinchalik yashash maqomini olish uchun ariza bergan. Yana 5,3 million kishi, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina hududining o‘zida ichki ko‘chib ketganlar hisoblanadi. 

Mutlaq ma’noda ukrainalik qochqinlarning aksariyati Polsha va Germaniyada ro‘yxatga olingan. Mamlakatlar aholisi bilan solishtirganda, Chexiya, Estoniya, Latviya va Litva eng ko‘p Ukraina aholisini qabul qilgan, deyiladi BMT hisobotida.

Yevropa Ittifoqi tashqi chegaralarni noqonuniy muhojirlar oqimidan himoya qilish uchun ikkita loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda YeIning Bryusseldagi sammiti yakunida Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ma’lum qilgan.

Birinchi loyiha Bolgariya va Turkiya o‘rtasidagi chegarani transport vositalari, boshqariladigan yo‘llar, videokuzatuv kameralari va kuzatuv minoralari yordamida himoya qilishni o‘z ichiga oladi. Loyiha Yevropa Ittifoqi mablag‘lari, Bolgariyaning o‘zi budjeti va boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlarining badallari hisobidan moliyalashtirilishi mumkin. 

Fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, bu chegarada allaqachon chegara devori qurilgan, ammo bu kutilgan natijani bermaydi. Yevropa Ittifoqida uzoq vaqtdan beri YeI tashqi chegaralari bo‘ylab devor va to‘siqlar qurilishi Yevropa Ittifoqi budjeti hisobidan moliyalashtirilishi kerakligi haqida bahs-munozaralar davom etmoqda. Gretsiya va Avstriya buni keskin talab qilmoqda, Germaniya, Lyuksemburg va Yevropa komissiyasi esa bunga qarshi. Sammit ishtirokchilarining yakuniy bayonotida devor va to‘siqlarni moliyalashtirish haqida aytilmagan - gap faqat Yevropa Ittifoqi mablag‘larini jalb qilish kerakligi, shu jumladan chegaralarda infratuzilmani yaratish mo‘ljallangani haqida borgan. 

Mavzuga oid