19:19 / 12.02.2023
24314

Bitiruvchilari ish topolmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati tugatilishi mumkin

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu haqda barcha OTM rahbarlarini ogohlantirgan.

O‘zbekistonda ishga joylanmagan bitiruvchilari soni ko‘p bo‘lgan OTM sifatsiz ta’lim berayotgan muassasa deb topilishi mumkin. Bunday oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini tugatish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov OTM rektor va mas’ul prorektorlarini ogohlantirgan.

Oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan onlayn formatda kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazgan vazir bundan buyon oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlagan. Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yig‘ilishda OTMdagi iqtidorli talabalar ro‘yxatini tuzish va ular bilan alohida ishlash mexanizmini yo‘lga qo‘yish masalasida takliflar berilgan.

Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari, xodimlari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kengaytirish, buning uchun rektorlarga o‘z xodimlarining farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yo‘lga qo‘yishi tavsiya etilgan. Vazir rektor xodimining oilasidagi muhitni o‘rganish orqali jamoadagi muhitni yaxshilashi bo‘yicha shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashgan.

Avvalroq OTM joylashuvining Toshkentdagi tirbandlikka ta’siri o‘rganilgan, talabalarning o‘qish soatlaridagi qatnovi yo‘llardagi o‘ta tirbandlik holatini 33 foizga ko‘paytirishi ma’lum qilingandi.

Top