Jahon | 12:24 / 14.02.2023
11994
4 daqiqa o‘qiladi

«Ramshtayn»: Zelenskiy qurol bo‘yicha qaror qabul qilinishiga umid qilyapti

Prezident Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining to‘qqizinchi yig‘ilishida va 24 fevralgacha Kiyevga keyingi qurol yetkazib berish bo‘yicha qarorlar qabul qilinishiga umid qilmoqda.

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 14 fevral, seshanba kuni Bryusseldagi NATO shtab-kvartirasida Ukraina Mudofaa aloqa guruhining (UDCG) «Ramshtayn» formatidagi to‘qqizinchi yig‘ilishi Kiyevga keyingi qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilishiga umid qilmoqda. Zelenskiy kechki videomurojaatida tegishli pozitsiyani e’lon qildi.

«Biz tayyorlanyapmiz. Barcha muzokaralarimiz «Ramshtayn»dagi hamkorlarning mudofaa qarorlarida ham, 24 fevralgacha bo‘lgan davrda ham o‘z aksini topishi uchun ishlayapmiz», - dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbari yangi ikki tomonlama muzokaralar va uchrashuvlar rejalashtirilayotganini qayd etdi. «Biz diplomatik ishlarning bunday intensivligini Ukraina uchun yangi minimal normaga aylantirmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Aloqa guruhi doirasidagi maslahatlashuvlar kunning birinchi yarmiga rejalashtirilgan va AQSh shafeligida tashkil etiladi.

Keyinroq NATOning 30 ta davlati mudofaa vazirlari o‘rtasidagi muzokaralar Bryusselda boshlanadi va 15 fevralda davom etadi. Gap Shimoliy Atlantika alyansi tomonidan amalga oshirilayotgan mudofaani kuchaytirish, shuningdek, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni oshirish haqida boradi. Vazirlar safiga ularning ukrainalik hamkasbi Oleksiy Reznikov ham qo‘shiladi. Shuningdek, u Aloqa guruhi yig‘ilishida ishtirok etadi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Kiyevni zudlik bilan qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi – bu Rossiya jang maydonida tashabbusni qo‘lga kiritishiga qadar qilinishi kerak.

Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, gap «logistik ta’minot» poygasi haqida bormoqda. Vazirlar NATO mudofaa rejalashtirish intilishlarining yangi darajasini kelishib olishlari va alyansning mudofaa sanoati salohiyatini oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqishlari kutilmoqda.

Mudofaa buyurtmalarini kutish muddati sezilarli darajada oshdi, ba’zi hollarda esa ikki baravar ko‘paydi. Shunday qilib, bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, yirik kalibrli o‘q-dorilarni kutish muddati 12 oydan 28 oyga ko‘paygan va bugun berilgan buyurtmalar faqat 2,5 yildan so‘ng yetkazib beriladi. 

Shuningdek, muhim suvosti infratuzilmasini himoya qilishni kuchaytirish choralari hamda alyans doirasida mudofaa xarajatlarini saqlab qolish va oshirish yo‘llari muhokama qilinadi.

NATO Mudofaa vazirliklari rahbarlari Rossiya tahdidiga duch kelayotgan Gruziya, Moldova, shuningdek, Bosniya va Hersegovinaga amaliy yordamni kuchaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tadi.

Avvalroq, 13 fevral kuni Stoltenberg nega Ukrainani bundan ham ko‘proq qurol-yarog‘ bilan ta’minlash zarurligini tushuntirgan edi. «Ukraina fronti uchun qurol, o‘q-dorilar, ehtiyot qismlar, yonilg‘ini qanchalik tez yetkazib bera olsak, shunchalik ko‘p odamlarning hayotini saqlab qolamiz va muzokaralar orqali bu mojaroga tinch yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan sa’y-harakatlarni shunchalik yaxshi qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi NATO rahbari.

«Agar Putin Ukrainada g‘alaba qozonsa, bu ukrainaliklar uchun fojia va biz uchun tahdid bo‘ladi, chunki bu unga va boshqa avtoritar rejimlarga kuch mukofotlanishini bilishiga imkon beradi. Bu dunyoni yanada xavfli va barchamizni yanada zaifroq qiladi», - deydi Stoltenberg.

U yaqinda ittifoqchilarning Ukrainaga tanklar, og‘ir qurollar yetkazib berish va ukrainalik harbiylarning tayyorgarligi haqidagi bayonotlarini olqishladi.

Mavzuga oid