“O‘zbekiston o‘zining haqqini birovga tekinga yoki arzongarovga bergani yo‘q” - Kamoliddin Rabbimov
Hukumat a’zolari va faollar o‘rtasidagi ochiq muloqotda qatnashgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashdi. U 35 yillik shartnoma faqatgina 1 ta konga tegishli ekani, bunga muayyan sabablar borligi, O‘zbekistondagi 300 ga yaqin neft-gaz konlarining faqat 13 tasini “Lukoyl”, 2 tasini “Gazprom” ishlatayotganidan kelib chiqib, “Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonning neft va gaz sohasini egallab oldi” degan tasavvur o‘rinsiz ekanini ta’kidladi.
Xorij OAVda O‘zbekistonning gazi bo‘yicha kelishuvlarga oid surishtiruv e’lon qilinganidan keyin tug‘ilgan savollarga O‘zbekiston energetika vaziri va “O‘zbekneftgaz” raisi faollar bilan uchrashgan holda javob berdi.
Uchrashuvda qatnashgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov berilgan ma’lumotlarga munosabat bildirib, uchrashuvdan olgan xulosalari haqida so‘z yuritdi.
“To‘rt soatlik uchrashuvni bu yerda yozishning imkoni yo‘q. Eng asosiy xulosa: O‘zbekiston o‘zining haqqini birovga tekinga yoki arzongarovga bergani yo‘q. O‘zbekiston boshqalar uchun og‘ir hamkor bo‘lsa bordir, lekin yengil va oson hamkor emas”, – deya yozdi yakshanba kungi uchrashuvda qatnashgan Rabbimov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, surishtiruvda aytilgan ma’lumotlarni ikkiga bo‘lish mumkin. Bir qism ma’lumotlar sharhlanganda vaziyat oydinlashadi. Yana ba’zi ma’lumotlar mutlaq noto‘g‘ri ketgan.
“Misol uchun, O‘zbekiston hali Rossiya bilan atom elektrostansiyasi qurish borasida aniq kelishuvga kelgani yo‘q. Muzokaralar ketyapti ekan. Tomonlar hali tortishyapti, narx, muddat va boshqa masalalarda”, – deydi siyosiy tahlilchi.
U O‘zbekistondagi 300 ga yaqin neft-gaz konlarining faqat 13 tasi “Lukoyl”, yana 2 tasi “Gazprom” tomonidan ishlatilayotganini ta’kidlab, “Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonning neft va gaz sohasini egallab oldi” degan tasavvur mutlaq o‘rinsiz” ekanini aytgan.
Rabbimov 35 yillik investitsiya loyihasi faqat bitta – “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga tegishli ekanini qayd etgan.
“Gap faqat bitta gaz koni haqida ketyapti. Energetika vaziri qo‘lidagi yopiq kontraktni ochib, ushbu uchastkaning kartasini ham ko‘rsatdi. Tasavvur qiling, sizning yeringizda gaz yoki neft bor. Qo‘lingizda ma’lum miqdorda pul ham bor. Endi, o‘sha pullardan samarali foydalanish uchun, yeringizdagi gaz va neftni qazib olishni investorlarga taklif qilasiz. Yeringizda qancha gaz va neft borligini dunyodagi jiddiy “tekshiruvchi” (otsenshchik) kompaniyalarga murojaat qilasiz.
O‘rtada, sizning yer maydoningizdagi gaz yoki neftning taxminiy qiymati belgilanadi. Biron bir investorga sotsangiz, keyin “tayyor mahsulotni taqsimlash” (SRP – Soglasheniye o razdele produksii) bo‘yicha, kelishuv kontrakti imzolaysiz. Yer-kon O‘zbekistonniki, texnologiyalar, razvedka qilish, qazib chiqarish – barchasi investorniki.
Ya’ni O‘zbekiston davlat budjetidan bir so‘m ham sarflanmagan. Hattoki, O‘zbekiston kafolat ham bermaydi”, – deya yozgan siyosatshunos.
U qazib olingan mahsulot bo‘yicha kelishuv bo‘lishi, “M25” konida foydani taqsimlashning boshlang‘ich ko‘rsatkichi 50/50 deb belgilanganini qo‘shimcha qilgan.
“Endi, agar investor bu yerni o‘ziga olib, u yerdan mahsulot chiqara olmasa – bu investorning muammosi, O‘zbekiston tomoni hech qanday kafolat bermas ekan”, – deydi Kamoliddin Rabbimov.
“Nima uchun 35 yil? Vazirning aytishicha, butun dunyoda bunday kontraktlar shunday uzoq vaqtga tuziladi. Bu muddatning 8 yili geologik razvedka ishlariga ketadi. Shu kontraktni, aytaylik, 10-15 yilga ham qilishi mumkinmi? Mumkin, unda O‘zbekiston tomoni kafolat berishi kerak, tayyor mahsulotni taqsimlashda 50/50 emas, investorga katta miqdorda mahsulot berishi kerak. Chunki, investor xarajatlarini chiqarib olishni o‘ylaydi, qolaversa – foyda olishni. Vazirlarning aytishicha, O‘zbekistonga investor olib kelish – juda qiyin ish.
“O‘zbekneftegaz” rahbarining aytishicha, O‘zbekistonda qonunchilikni o‘zgartirish kerak, ya’ni kontraktlarni Oliy Majlis tasdiqlashiini kiritish maqsadga muvofiq; ishlab turgan konlar tashqi investorlarga berilmasligi kerak. Shuningdek, o‘z xodimlarining oyliklari pastligini bildirishdi, xodimlar xorijiy kompaniyalarga ketib qolishayotganini aytishdi”, – deya yozadi Rabbimov.
Siyosatshunos kelishuvlar va shartnomalar yopiqligi haqida rasmiylar bergan izohni ham keltirib o‘tgan.
“Bu – butun dunyodagi barcha kampaniyalarning ishlash formati ekan. Mutasaddilarning aytishicha, misol uchun, qo‘shni Qozog‘iston yoki Ozarbayjonda imzolangan xalqaro kelishuvlarni ham olib o‘qish imkonsiz, bu kontraktlar ham to‘liq yopiq. Vazir Mirzamahmudov qo‘lidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” koni bo‘yicha kelishuvni ochib, undagi “Konfidensialnost” degan bo‘limni ko‘rsatdi.
To‘rt soatlik muloqotda, jurnalistlar va blogerlar, men ham, bu ikki mulozimni savollar hujumiga tutdik. Muloqot oxirida, vaziyat ancha murakkab ekanini, agar bor ma’lumotlar jamiyatga keng tushuntirilsa, odamlarning tasavvuridagi “Eh, butun bir gaz va neft resurslarimiz Rossiyaga berib yuborilibdi” degan tasavvur o‘zgarishiga ishondik”, – deya o‘z xulosasi bilan o‘rtoqlashgan Kamoliddin Rabbimov.
Ma’lumot uchun, Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, Surxondaryo viloyatidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish va kondagi zaxiralarni o‘zlashtirish, gaz-kimyo kompleksini barpo etish loyihasi bo‘yicha davlat va investorlar o‘rtasida mahsulotni taqsimlash bitimi 50/50 nisbatda tuzilgan.
Loyiha operatori sifatida tashkil etilgan, investorlar konsorsiumiga tegishli Surhan Gas Chemical'da “O‘zbekneftgaz” 20 foiz ulushga ega va bu yakunda olingan foydaning 50/50 nisbatda taqsimlanishini ta’minlaydi.
Tavsiya etamiz
Boylar davrasi: dunyo milliarderlari Tramp inauguratsiyasida yig‘ildi
Jahon | 22:19 / 21.01.2025
Qo‘li kesilgan 2 oylik chaqaloq: uning yaqinlari shifokorlardan norozi
Jamiyat | 14:20 / 21.01.2025
100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?
Iqtisodiyot | 11:05 / 21.01.2025
APLdagi ilk o‘zbek. Husanovning transferi haqida asosiy gaplar
Sport | 09:16 / 21.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Toshkentdagi davlat idoralarida har juma «Milliy liboslar kuni» o‘tkaziladi
Jamiyat | 16:18
-
Bayden oila a’zolari va Kapitoliyga hujum tergovchilarini oldindan afv etdi. Bu nima uchun kerak?
Jahon | 15:46
-
Har ikki tomon ham yon berishi kerak - AQShning yangi davlat kotibi Ukrainadagi sulh haqida
Jahon | 15:12
-
O‘lim uchun “navbat kutish” – dunyodagi eng baland cho‘qqiga chiqish mashaqqatlari haqida
Jahon | 15:06
Mavzuga oid
18:08 / 21.01.2025
O‘zbekiston 2024 yilda gaz importini 2,4 barobarga oshirdi
21:40 / 20.01.2025
Energetika vazirligi: Boysundagi «M25» konida to‘plangan gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilmoqda
15:30 / 20.01.2025
Video: Boysundagi M25 koni joylashgan hududda olovli maydonlar yuzaga kelgan
20:06 / 31.12.2024