Jahon | 21:20 / 15.02.2023
10987
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Elboshi to‘g‘risidagi qonun bekor qilindi 

Birinchi prezident Nursulton Nazarboyev va uning qarindoshlari bir qancha imtiyozlardan mahrum etildi. 

Foto: Getty Images

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun o‘z kuchini yo‘qotgani to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi. 

Yangi qonun bilan Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari bir qator imtiyozlardan mahrum etildi. 

Jumladan, endi Nazarboyev oilasi budjet hisobidan alohida ta’minlanmaydi. Shuningdek, xodimlar bilan ta’minlangan ofisga ega bo‘lmaydi. Bundan tashqari, davlat qo‘riqlash xizmatining maxsus otryadidan mahrum etiladi. Nazarboyevning qarindoshlari jinoiy ta’qibdan immunitet huquqini ham yo‘qotadi. 

Lekin Nazarboyev qonunda ko‘zda tutilgan ba’zi imtiyozlarni saqlab qoladi. Jumladan, parlament palatalarining qo‘shma majlislarida qatnashishi mumkin. U kvartira, dacha, qo‘riqlash xizmati va haydovchisi bo‘lgan avtomashina bilan ta’minlanadi. 

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2022 yil yanvarida mamlakatdagi qonli tartibsizliklar bostirilganidan keyin konstitutsiyani isloh qilishni taklif etdi.  

2022 yil 5 iyun kuni bo‘lib o‘tgan referendumda ovoz beruvchilarning 77 foizdan ortig‘i konstitutsiyaga kiritiladigan tuzatishlarni, jumladan, birinchi prezident Nursulton Nazarboyevni «Elboshi» – «Millat otasi» konstitutsiyaviy maqomidan mahrum etishni ma’qullagan edi.  

Bundan tashqari, To‘qayev Nazarboyev va uning yaqinlarini nufuzli davlat lavozimlaridan mahrum qildi. Shuningdek, Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrining avvalgi Ostona nomi qaytarildi. 

Mavzuga oid