35 mlrd dollar emas: Neft-gaz sohasidagi yirik loyihalar qiymati aslida qancha?
ERIELL va Enter Engineering kompaniyalariga 5 yil ichida 35 mlrd dollarlik loyihalar “tutqazilgani” haqiqatdan yiroq ekani ma’lum qilindi. “O‘zbekneftgaz” bayonotiga ko‘ra, 9 ta loyihaning umumiy qiymati – 17,6 mlrd dollar bo‘lib, bu loyihalarga budjetdan mablag‘ sarflanmagan, 6 ta loyiha to‘liq investorning 10 mlrd dollar mablag‘i evaziga amalga oshiriladi.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ERIELL va Enter Engineering kompaniyalariga berilgan neft va gaz sohasidagi yirik buyurtmalar yuzasidan izoh berdi.
“Ozodlik” radiosi e’lon qilgan surishtiruvda bu ikki kompaniyaga 5 yil ichida 35 mlrd so‘m “tutqazilgani” ta’kidlangan edi. Rasmiylarga ko‘ra, “bu summaning teng yarmi havodagi, tagi yo‘q mablag‘”.
Shuningdek, bu loyihalarga “budjetdan bir dollar ham ketmagani” ma’lum qilindi.
“O‘zbekneftgaz” bayonotida ERIELL va Enter Engineering bosh pudratchi sifatida tanlangan 9 ta loyiha haqida quyidagicha ma’lumotlar berilgan:
1. “Mustaqillikning 25 yilligi” koni
Konni o‘zlashtirish loyihasida 2,9 mlrd dollarlik ishlar bajarilishi ko‘zda tutilgan, hozirga qadar esa amalda tuzilgan pudrat shartnomalari qiymati – 1,73 mlrd dollarni tashkil etadi. Qolgan ishlar bo‘yicha hali shartnoma imzolanmagan.
Moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditlar. Davlat kafolati berilmagan.
Investorlar bilan 50/50 nisbatdagi Mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolangan.
2. Qorako‘l erkin iqtisodiy zonasini va gaz-kimyo klasterini tashkil etish
Loyiha bo‘yicha tuzilgan shartnoma qiymati – 3 mlrd dollar. Moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditlar, davlat kafolati berilmagan.
3. 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha dastur
Tuzilgan shartnoma doirasida 2,3 mlrd dollar moliyalashtirilgan:
- 805 mln dollar “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari;
- 710 mln dollar davlat kafolatisiz "Gazprombank" krediti;
- 585 mln dollar davlat kafolati ostida Ipak yo‘li jamg‘armasi (Xitoy) krediti;
- 200 mln dollar Moliya vazirligi foizli qarz mablag‘lari.
Pudratchilar tender asosida jalb qilingan.
4. Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish (GTL zavodi)
Loyiha umumiy qiymati – 3,4 mlrd dollar. Moliyalashtirish manbalari:
- 1,1 mlrd dollar “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari;
- 2,3 mlrd dollar xorijiy kreditlar.
Tender asosida pudratchi sifatida “Hyundai Engineering & Construction Co Ltd”, “Hyundai Engineering Co Ltd” (Janubiy Koreya) va “Enter Engineering Pte Ltd” (Singapur) konsorsiumi tanlangan.
Pudrat shartnomasi asosida ular tomonidan bajarilgan ishlar hajmi 2,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Qolgan 800 mln dollar mablag‘ litsenziya va tashqi infratuzilma obektlarini qurish xarajatlari uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan sarflangan.
5. 2020-2030 yillarda neft qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish dasturi
Shartnoma qiymati – 2,68 mlrd dollar. Moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditlar. Davlat kafolati berilmagan.
6. Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish
Loyihaning umumiy qiymati – 1,8 mlrd dollar. Moliyalashtirish manbalari:
- 632 mln dollar “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari;
- 1,2 mlrd dollar davlat kafolatisiz xorijiy kreditlar.
Shundan, pudrat shartnomasi asosida bajariladigan ishlar hajmi
1,3 mlrd dollar bo‘lsa, “O‘zbekneftgaz” AJning litsenziya va tashqi infratuzilma obektlarini qurish xarajatlari 500 mln dollarni tashkil etadi.
Pudratchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlangan.
7. “Gazli” gazni yer ostida saqlash inshootining hajmini oshirish hamda qo‘shimcha geologiya ishlarini bajarish
Loyihaning shartnoma qiymati 463 mln dollar. Moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditlar. Davlat kafolati berilmagan.
8. Sechanko‘l, Oqjar va Chimboy investitsion bloklarida geologik qidiruv ishlarini olib borish hamda Urga, Oqchaloq va Chandir guruhi konlarida qazish ishlari
Loyihaning shartnoma qiymati – 701 mln dollar Moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditlar. Davlat kafolati berilmagan.
9. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish
Loyihaning shartnoma qiymati – 399 mln dollar. Moliyalashtirish manbasi – investorning o‘z mablag‘lari va to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditlar. Davlat kafolati berilmagan.
Surishtiruvda ERIELL va Enter Engineering kompaniyalariga “tutqazilgani” aytilgan 35 mlrd dollardan 23,4 mlrd dollari yuqoridagi 9 ta loyihaning umumiy qiymati deb hisoblangan.
“O‘zbekneftgaz”ning tushuntirishicha, loyiha qiymati degani bu shu loyihaga albatta shuncha pul sarflanadi degani emas. Ko‘pincha, loyiha qiymati pudratchilar bilan shartnoma tuzilgunga qadar aniqlashtiriladi, optimallashtiriladi va haqiqiy shartnoma qiymati loyiha qiymatidan ancha past bo‘ladi.
“Shunday qilib, yuqoridagi 9 ta loyihaning umumiy qiymati aslida 17,6 mlrd dollar bo‘lib, shundan hozirga qadar imzolangan shartnomalar qiymati 14,9 mlrd dollarni tashkil etgan”, – deyiladi rasmiy axborotda.
17,6 mlrd dollarlik 9 ta loyihaning 6 tasi investorlarning 10,1 mlrd dollar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
10. Atom elektr stansiyasi
Surishtiruvda dastlabki baholangan qiymati 11 mlrd dollar bo‘lgan atom elektr stansiyasini barpo etish loyihasi ham ERIELL va Enter Engineering'ga berilgani aytilgan. “O‘zbekneftgaz”ga ko‘ra, bu – yolg‘on.
“AES qurish bo‘yicha hali hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan”, – deyiladi rasmiy izohda.
“Doimiy investitsiya kiritib turmasa bo‘lmaydi”
“O‘zbekneftgaz”ga ko‘ra, neft yoki gaz koniga doimiy investitsiya kiritib turilmasa, olinadigan mahsulot hajmi yil sayin tushib ketaveradi.
“Shuning uchun biror loyiha qilinsa va bunga xorijiy yoki mahalliy kompaniya jalb etilsa, budjet puli “yeb ketildi” deb noto‘g‘ri tushunmaslik kerak”, – deyiladi neft-gaz sohasida vakolatli davlat shirkatining bayonotida.
Mazkur izohlarni “O‘zbekneftgaz” raisi Mehriddin Abdullayev va energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 12 fevral kuni jurnalistlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda ham aytib o‘tgan edi. Uchrashuvda qatnashgan huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev rasmiylar bergan ma’lumotlarni soddaroq tushuntirgan holda, o‘z kanalida video e’lon qildi.
Mavzuga oid
22:19 / 19.12.2024
Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishni oshirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
16:00 / 23.11.2024
“Prezidentimiz, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar” – Abdulla Aripov Boysunda bo‘lib qaytdi
14:13 / 11.11.2024