Jahon | 08:26 / 16.02.2023
11569
4 daqiqa o‘qiladi

Myunxen konferensiyasi rahbari: Rossiyaga «deputinizatsiya» kerak

G‘arb davlatlari Putindan keyin Rossiya bilan munosabatlarni o‘rnatishga tayyor bo‘lishi kerak, dedi Kristof Xoysgen.

Kristof Xoysgen / Foto: MSC

Rossiya-Germaniya munosabatlarini tiklash uchun Rossiyaning «deputinizatsiyasi» zarur. Bu haqda 15 fevral, chorshanba kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC) raisi Kristof Xoysgen forum ochilishi arafasida Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) nashrlar guruhiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. «Biz Putinning o‘z mamlakatidagi bu tajovuzkor urush haqidagi dezinformatsiyasi qanchalik tizimli ishlayotganini, jamoatchilikni qanday manipulyatsiya qilayotganini ko‘ryapmiz. U odamlar uning G‘arb Rossiyaga hujum qilayotgani va fashistlar hujum qilayotgani haqidagi gaplariga ishonishlarini xohlaydi. Men buni deputinizatsiya deb atadim, u zarur va oson bo‘lmaydi», dedi Xoysgen Germaniya-Rossiya munosabatlarining kelajagi haqida fikr yuritar ekan, yaqinda nashr etilgan «Yetakchilik va mas’uliyat» (Führung und Verantwortung) kitobiga ishora qilib.

Nemis ommaviy axborot vositalari ta’kidlaganidek, «deputinizatsiya» iborasi Germaniyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi rivojlanish yo‘nalishlaridan birini bildiruvchi «denatsifikatsiya» tushunchasini eslatadi.

«Men «deputinizatsiya» atamasini ishlatyapman, chunki bu mamlakat (Rossiya) butunlay Putinga qaratilgan. U barcha qarorlarni qabul qiladigan va Rossiya OAVda nima eshittirilayotganini ham belgilaydigan hukmdor. Men buni aniq aks ettirmoqchiman», - deya intervyu davomida tushuntirdi Xoysgen.

«Shimoliy oqim 2» loyihasini xato deb bilishiga oydinlik kiritar ekan, Myunxen konferensiyasi rahbari Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar asrlar davomida «do‘stona» bo‘lib kelganini va kelajakda ularning rivojlanishi uchun bu asos sifatida olinishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Rossiyani joriy Myunxen xavfsizlik konferensiyasiga taklif qilmaslik qaroriga izoh berar ekan, Kristof Xoysgen bu tashkilotchilar uchun oson bo‘lmaganini ta’kidladi. «Rossiya vakillarini mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga yondashish mumkinligiga umid borligida taklif qilish mumkin. Biroq, Vladimir Putinning bayonotlari bu yo‘nalishda harakatga hech qanday joy qoldirmadi. Odatdagidek Myunxenga Putinning vakili Sergey Lavrov kelgan bo‘lardi», dedi MSC rahbari va konferensiya tashkilotchilari uning «Kreml propagandasi uchun platforma» bo‘lishini istamasligini qo‘shimcha qildi. 

Kristof Xoysgen Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasiga Rossiya fuqarolik jamiyatining bir necha vakillari va Ukraina bilan urush paytida vatanini tark etgan rossiyaliklar kelishini eslatdi. «Biz bu davlatdan tanqid eshitmoqchimiz. Keyingi Rossiya bilan qanday munosabatda bo‘lish haqida o‘ylashimiz kerak, - dedi Xoysgen. - Rossiya qoladi. Lekin Putinsiz Rossiya bo‘ladi. Bunga tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirishni xohlaymiz. Germaniya yordami bilan Rossiyada qamoqdan ozod etilgan tadbirkor Mixail Xodorkovskiy aytganidek, Putin bir narsani unutdi – u ham oddiy inson».

Germaniya sobiq kansleri Angela Merkelning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda vositachilik qilish imkoniyatini izohlar ekan, MSC raisi bunday urinishlarda ehtiyotkor bo‘lish kerak, degan fikrni bildirdi. «Bu bilan biror narsaga erishish mumkinmi yoki yo‘qmi, katta savol. Birinchidan, Rossiyaning o‘zida ko‘p narsa sodir bo‘lishi kerak», - dedi Xoysgen.

Myunxen xavfsizlik konferensiyasi 17-19 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid