O‘zbekiston | 17:38 / 17.02.2023
4811
4 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot va pedagog xodimlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Joriy yilning 17 fevral kuni Senat Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olishga, shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Qonunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki  shu maqsadda tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganligi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqishi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etayotganligi ta’kidlandi. Pedagog xodimlar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko‘plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilayotganligi, ulardan turli hisobot va ma’lumotlar talab etib kelinayotganligi qayd etildi.

Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.

Unga asosan pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanish belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid