Jahon | 11:23 / 18.02.2023
11768
3 daqiqa o‘qiladi

«FSB» nemis razvedkasi xodimi orqali Ukraina pozitsiyalarini aniqlamoqchi bo‘lgan

Rossiya maxsus xizmatlari nemis razvedkasi xodimi orqali Ukrainaning HIMARS va IRIS-T SLM tizimlari qayerda joylashganini aniqlashga harakat qildi, deb yozadi Der Spiegel.

Foto: PA

Rossiya razvedka idoralari 2022 yil dekabrida Germaniyada davlatga xiyonat va josuslikda gumonlanib hibsga olingan Federal razvedka xizmati (BND) xodimi Karsten L. orqali Ukraina armiyasining artilleriya va havo hujumiga qarshi pozitsiyalari haqida ma’lumot olishga harakat qilgan. Bu haqda manbalarga tayanib, 17 fevral, juma kuni Der Spiegel jurnali yozmoqda.

Nashrning yozishicha, Rossiya «FSB» Karsten L.dan, jumladan, Germaniya tomonidan Kiyevga topshirilgan Amerikaning HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va IRIS-T SLM zenit-raketa tizimlarining GPS koordinatalarini so‘ragan. Tergovning fikricha, maxsus xizmatlar bu ma’lumotni olmagan, chunki gumonlanuvchining o‘zida undan foydalanish imkoni bo‘lmagan.

Karsten L. 21 dekabrda Berlinda hibsga olingan, shu yilning yanvarida uning sherigi, Moskvadagi ikki uchrashuvda BND maxfiy materiallarini «FSB»ga topshirishi mumkin bo‘lgan Artur E. Myunxen aeroportida hibsga olingan edi. Har ikki gumonlanuvchi ham pul mukofoti uchun Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan, deb hisoblaydi tergov.

Nemis ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Karsten L. Germaniyaning maxfiy texnik razvedka boshqarmasida yuqori lavozimda ishlagan. Focus uni «BND'ning katta qulog‘i» deb atagan. 2022 yilda u «Rossiya maxsus xizmatlaridan biriga» davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni topshirgan.

Qayd etilishicha, Karsten L. BND bilan do‘stona razvedka idoralari: AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (NSA) va elektron razvedka bilan shug‘ullanuvchi Britaniya hukumati aloqa markazi (GCHQ), shuningdek, Fransiya va Isroil razvedka xizmatlari bilan almashilgan ma’lumotlarga ham ega bo‘lgan. Focus nashrining yozishicha, nemis tergovchilari Karsten L. shu yo‘l bilan olingan ma’lumotlarni rossiyalik mijozga berganini istisno qilmayapti.

Uning sherigi Artur E. tergovga Karsten L. Moskvada uning aloqalarini «tashkil qilgani»ni aytdi. Tergovchilar, o‘z navbatida, hammasi aksincha bo‘lganini istisno qilishmayapti: E. BND xodimini unga Germaniya razvedka xizmati maxfiy ma’lumotlarini berishga ko‘ndirgan va o‘zi Rossiyada kerakli aloqalarni o‘rnatgan, deb yozadi Der Spiegel.

Mavzuga oid