Kim Chen Inning yosh qizi tez-tez omma oldida paydo bo‘lmoqda. Uni vorislikka tayyorlashmoqdami?
Chorshanba kuni kechqurun Pxenyanda KXDR armiyasi tashkil topganining 75 yilligi sharafiga harbiy parad uyushtirildi. Qit’alararo harakatlanuvchi ulkan ballistik raketalarning kolonnasi Kim Ir Sen maydoni bo‘ylab savlat to‘kib o‘tdi. Ammo mamlakat rahbari Kim Chen In shu kuni faqatgina qurol-yarog‘larini emas, balki o‘zining yosh qizini ham dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotgandi.
Parad vaqtida Shimoliy Koreya yetakchisi tribunada o‘zining odatiy joyini egallaganida, uning yonida kutilmaganda qora libosda bezangan qizi ham paydo bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, bu Kim Ju E bo‘lib, u davlat rahbarining o‘rtancha qizi va u hozirda 10 yosh atrofida bo‘lishi mumkin.
Bu uning omma qarshisida beshinchi bor ko‘rinish berishi va bularning bari so‘nggi uch oy ichida ro‘y bergan.
Qisqa muddatda qizchaning imiji sezilarli darajada o‘zgardi. Shunchalikki, endi uni aynan Shimoliy Koreyaning keyingi yetakchisi bo‘lishga tayyorlashayotgani tobora oydinlashmoqda.
Birinchi bor u odamlar oldida o‘tgan yil noyabrida, qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketa sinovi vaqtida paydo bo‘lgandi. O‘shandayoq shunday spekulyatsiya yuzaga kelgandi: bu qizaloq kun kelib dunyodagi eng yopiq mamlakat rahbariga aylanmaydimi?
Ammo o‘sha vaqtda bunday taxminlar u qadar ishonchli ko‘rinmasdi.
Oq puxovik va qizil tufli kiygan, sochi orqaga o‘rilgan holatda u juda yosh ko‘rinardi. Bu suratga qarab uning qo‘lidan tutib olgan Kim Chen In shunchaki o‘zini namunali ota sifatida gavdalantirmoqchi ekanini taxmin qilish mumkin edi.
Ammo shundan keyin yosh Kim Ju E har safar o‘ziga ishonchi yuqori qiyofada paydo bo‘lardi.
Seshanba kuni kechqurun, parad arafasida u otasi bilan birga armiya qo‘mondonligi sharafiga uyushtirilgan banketga tashrif buyurdi. Bu safar u rasmiy qora kostyum va oq bluzka kiygan, sochlari esa tartib bilan orqaga taralgandi.
Shimoliy Koreya siyosatini kuzatib boruvchilarning ko‘pchiligida bu fotosuratlar katta taassurot qoldirdi. Suratlarning har birida Kim Ju E eng markazda, onasi va otasi o‘rtasida joylashgan, atrofda esa ularni bashang kiyingan yuqori martabali harbiylar qurshab turardi.
Yana bir intrigali lahza - rasmiy manbalarda qizning paydo bo‘lishini tavsiflash uchun tanlangan so‘zlardir.
Noyabr oyi boshida davlat nashrlari uni Kim Chen Inning «sevimli qizi» deb atashgandi. Seshanba kuni esa u endi «hurmatli» qizga aylandi, bu esa eng sharafli sifatlashlardan biri hisoblanadi.
Masalan, Kim Chen Inning o‘zini, bo‘lajak yetakchi sifatida rasman tasdiqlashganidan keyin «hurmatli o‘rtoq» deb atay boshlashgandi.
«Muqaddas urug‘»
Shimoliy Koreya tashkil etilgan 1948 yildan buyon mamlakatni Kimlar sulolasi boshqarib keladi. Davlat targ‘ibotchilari bu oila muqaddas urug‘ga mansub ekani va faqat ulargina KXDRni boshqarishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Kim Chen In o‘zidan keyin hokimiyat oilaning to‘rtinchi avlodiga o‘tishiga ishonch hosil qilishni istayotgani aniq.
Ammo agar Kim Ju Eni chindan ham vorislikka tayyorlashayotgan bo‘lishsa, bu haqda dunyoga nega bu qadar erta va qaysarlik bilan ishora qilishmoqda? Kim Chen Inning o‘zi hali 39 yoshda, qizi ham hali juda kichik.
Xabarlarga ko‘ra, Kim Chen Inning otasi Kim Chen Ir uni sakkiz yoshda ekanida o‘z vorisi deb e’lon qilgandi. Ammo bu yopiq eshiklar ortida ro‘y bergan: bu haqda mamlakatdagi faqat eng yuqori martabali shaxslar xabardor bo‘lgan.
Uning KXDR rahbarligiga nomzodi ommaga faqat otasining o‘limidan keyin ma’lum qilindi. Natijada Kim Chen In boshqaruvining ilk yillari ancha notinch kechdi va muxoliflarini shafqatsiz qatag‘on qilish orqali hokimiyatini mustahkamlashiga to‘g‘ri keldi.
Shu tufayli, Kim Chen In o‘z qizini mamlakatga va dunyoga ancha oldinroq tanishtirib, vaqti kelganida uning boshqaruvining dastlabki bosqichi yengil kechishini ta’minlashga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Yoki mamlakat rahbarining sog‘ligida jiddiy muammo bo‘lishi va u hokimiyatda kutilganidan kamroq vaqt qolishi mumkin.
Ammo, bu versiyalardan birortasini tasdiqlash imkoni yo‘q.
Yana bir versiya bor: Kim Chen In Shimoliy Koreyaning chuqur patriarxal jamiyati uni ayol kishi boshqarishi haqidagi fikrga ko‘nikishi uchun vaqt bermoqchi. Shu bilan birga hozir ham hukumatda bir qancha yuqori lavozimlarni ayol kishilar egallagan, ulardan biri hukmdorning singlisi Kim Yo Jongdir (Koreya Mehnat partiyasida targ‘ibot va tashviqot bo‘limi rahbari o‘rinbosari).
Ammo Amerikaning Shimoliy Koreya mavzusiga ixtisoslashgan NK News sayti tahlilchisi Jyeyms Fretvell voris qaysi jinsga mansubligi ushbu mamlakat uchun muammo bo‘lmaydi deb hisoblaydi.
«Shimoliy Koreya jamiyatida chindan ham erkaklar ustunlik qilsa-da, unda birinchi navbatda Kimlar sulolasi hukmronlik qiladi. Aynan nasl-nasabi uni mamlakat rahbarligi uchun munosib nomzodga aylantiradi. Bu oiladan bo‘lmagan kimdir hokimiyat tepasiga ko‘tarilishini tasavvur qilish qiyin», degan u BBC uchun bergan intervyusida.
Ammo bularning bariga qaramay, xalq, harbiylar va zodagonlar ko‘z o‘ngida yetakchi darajasiga chiqish uchun ayol kishi juda ko‘p harakat qilishi talab etiladi.
Bu rolga aynan Kim Ju Eni tayyorlashmoqdami? Bunga kafolat yo‘q. Ammo har safar yangi ko‘rinish bilan bunga ishonch ortib bormoqda.
Mavzuga oid
14:22 / 13.11.2024
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
11:22 / 12.11.2024
Shimoliy Koreyadan qochganlar RFdagi KXDR kuchlari orasida dezertirlikka erishmoqchi
10:41 / 12.11.2024
KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
20:11 / 10.11.2024