Jahon | 11:32 / 20.02.2023
6546
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yana ikkita ballistik raketa uchirdi

Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Ye Chjonning aytishicha, bu AQSh harakatlariga javob, u Tinch okeanini «o‘q otish maydonchasi»ga aylantirish bilan tahdid qilgan.

Foto: AFP

Shimoliy Koreya 20 fevral, dushanba kuni Yapon dengizi tomon ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Buni Janubiy Koreya va Yaponiya mudofaa vazirliklari tasdiqladi. Yaponiya harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, raketalar taxminan 100 va 50 km maksimal balandlikka ko‘tarilgan va neytral suvlarga tushishdan oldin taxminan 350-400 km masofani bosib o‘tgan.

Bu Pxenyan shanba kuni qit’alararo ballistik raketa uchirilishi bo‘yicha «tezkor» mashqlarni e’lon qilganidan keyin 48 soatdan kamroq vaqt o‘tgach sodir bo‘ldi. Ular, Shimoliy Koreyaning bayonotiga ko‘ra, «halokatli yadroviy qarshi hujumni» boshlash qobiliyatini namoyish qilgan.

Shanba kuni uchirilgan raketa qariyb ming kilometr masofani bosib o‘tib, Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasiga quladi. Shu bilan birga, uning uchirilishi AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlanishidan bir necha kun oldin amalga oshirildi. Tokioda KXDRning xatti-harakatlari «mutlaqo kechirib bo‘lmaydigan» deb atalib, Vashington va Seul bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishga va’da berildi hamda 19 fevral, yakshanba kuni strategik bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar ishtirokida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shimoliy Koreya matbuoti dushanba kuni ertalab KXDR yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Ye Chjonning bayonotini tarqatdi. Unda aytilishicha, Pxenyan 20 fevral kuni AQShning harakatlariga javoban raketalarni otgan va Tinch okeanini «otishma maydonchasiga» aylantirish bilan tahdid qilgan. 

Mavzuga oid