Sport | 12:10 / 21.02.2023
21574
2 daqiqa o‘qiladi

XOQ: Rossiya sportchilarining o‘yinlarda ishtirok etishi to‘g‘risida qaror hali qabul qilinmagan

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi sport tashkilotlarining avtonomiyasi hurmat qilinishi kerakligini aytdi hamda Yevroparlamentning Rossiya va Belarus sportchilari haqidagi rezolyutsiyasiga tanqidiy munosabatda bildirdi.

Foto: Reuters

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) sport tashkilotlarining avtonomiyasi hurmat qilinishi kerakligini ma’lum qildi va yaqinda Yevroparlament (YeP)ning Rossiya va Belarus sportchilariga oid rezolyutsiyasini tanqid ostiga oldi. 

XOQ vakilining 20 fevral, dushanba kungi bayonotida ta’kidlaganidek, YeP «Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar tomonidan qayta-qayta ma’qullangan Olimpiya o‘yinlari va Olimpiya Xartiyasining birlashtiruvchi tinchlikparvarlik missiyasiga aniq zid pozitsiyada bo‘lib turibdi».

XOQ 2024 yil 26 iyulda Parijda bo‘lib o‘tadigan O‘yinlar boshlanishidan oldin yakuniy qaror qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi va BMT vakillari qo‘mitaga sportchilarni millatiga ko‘ra kamsitilmasligini ta’minlashni topshirganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Yevroparlament 16 fevraldagi rezolyutsiyada Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Rossiya va Belarus sportchilariga 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarining saralash bosqichida neytral bayroq ostida ishtirok etishiga ruxsat berish haqidagi yaqinda qabul qilingan qarorini qoralashini ta’kidladi. Bildirilishicha, bu «mamlakatlarning ko‘p tomonlama izolyatsiyasiga qarshi hisoblanadi va ikkala rejim tomonidan targ‘ibot maqsadlarida foydalaniladi».

Mavzuga oid