Jahon | 08:57 / 21.02.2023
7358
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha AQShdan ortda qolmoqda

Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar oyi o‘rtalariga kelib AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 73,1 milliard yevro ajratgan, Yevropa Ittifoqi esa 54,9 milliard yevro ajratgan.

Foto: reddit

Qo‘shma Shtatlar deyarli bir yildan beri Rossiyaning harbiy bosqinini to‘xtatib kelayotgan Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Bunday xulosaga Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) 21 fevral, seshanba kuni chop etilgan hisobotida keldi

Uning mualliflari Kiyevga va’da qilingan harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam haqidagi ma’lumotlarni kuzatib boradi. IfW hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar oyi o‘rtalariga qadar AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 73,1 milliard yevro, Yevropa Ittifoqi esa 54,9 milliard yevro ajratgan.

«Urushning birinchi yilida yevropaliklarning qat’iyatsizligi - kutilmagan hodisa», - deydi tahlil guruhi rahbari Kristof Trebesh. Moliyaviy resurslarni tezda safarbar qilish mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

Ayni paytda Germaniya va boshqa davlatlar o‘z hududlarida urush sabab bo‘lgan inqirozlarni bartaraf etish uchun Ukrainaning o‘zini qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra sezilarli darajada ko‘proq mablag‘ ajratmoqda, deya ta’kidladi IfW ekspertlari. 

Shunday qilib, 2022 yil boshidan beri Germaniya iste’molchilar uchun energiya narxining oshishi oqibatlarini yumshatish maqsadida subsidiyalar ko‘rinishida 250 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratilishini e’lon qildi. 

Shu bilan birga, Ukrainaga yordam berish bo‘yicha ikki tomonlama majburiyatlar 6,15 milliard yevroga yetdi, bu Germaniyaning Yevropa Ittifoqi tomonidan Kiyevga yordamdagi 7,2 milliard yevrolik ulushi bilan birgalikda mamlakat o‘z fuqarolari va kompaniyalariga e’lon qilgan energiya yordamining atigi 5 foizidan biroz ko‘proqni tashkil qiladi, deb aniqladi IfW tahlilchilari.

Mavzuga oid