Jahon | 08:26 / 22.02.2023
10233
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya razvedkasi: Rossiya yana 1 mln kishini safarbar qilishi mumkin

Rossiyaning safarbarlik salohiyati millionga yaqin harbiy xizmatchilarni tashkil etadi, dedi Germaniya Federal razvedka xizmati rahbari. Kreml urushga yangi kuchlarni yuborishni zarur deb topishi mumkin, deya tan oldi u.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Ukrainaga qarshi urush uchun yana bir millionga yaqin askarini safarbar qilishi mumkin. Bu haqda Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) rahbari Bruno Kal 22 fevral, chorshanba kuni chop etilgan Redaktionsnetzwerk Deutschland media-guruhiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 2022 yilning kuzida 300 000 ga yaqin odam safarbar qilingan, ularning ba’zilari hali ham tayyorgarlikdan o‘tmoqda, ba’zilari allaqachon jang maydoniga yuborilgan, dedi Kal. «Rossiyaning keyingi safarbarlik salohiyati, agar Kreml zarur deb hisoblasa, million kishigacha bo‘lgan zaxiradir», — dedi BND rahbari.

Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putin muzokaralarga tayyor emas, deb hisoblaydi Germaniya razvedka xizmati rahbari. Hozircha Putin jang maydonida qaror qabul qilishga va imkon qadar ko‘proq yutuqlarni amalga oshirishga intilmoqda, shunda u kelajakda tinchlikni o‘z shartlariga ko‘ra ilgari sura oladi, dedi Kal.

Urush ko‘p jihatdan Moskva, Kiyev va G‘arbda ishonilganidan butunlay boshqacha bo‘lib chiqdi, deya qo‘shimcha qildi BND rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab Rossiya oz sonli «aniq harbiy, biroz ramziy va namoyishkorona harakatlar» bilan qo‘shni davlat ustidan nazorat o‘rnatishi mumkinligiga ishongan. Biroq, buning iloji bo‘lmadi, bu Ukraina tomoniga sezilarli vaziyatda ustunlik berdi, dedi Kal. Ko‘p o‘tmay, rus armiyasi o‘zining son ustunligidan harakatda foydalanishga muvaffaq bo‘ldi, dedi u.

Mavzuga oid