Jahon | 21:33 / 24.02.2023
12925
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi. Ro‘yxatda vazirlar ham bor 

Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiya hukumatining bir qancha yuqori lavozimli mansabdorlari kiritildi. 

Foto: Reuters

Rossiya harbiylarining Ukrainaga bostirib kirishi bir yilligi munosabati bilan AQSh Moliya vazirligi yangi sanksiyalar paketini taqdim etdi. Bu haqda agentlik saytidagi press-relizda aytiladi. 

Ro‘yxatga Rossiyaning 22 jismoniy va 83 yuridik shaxsi, shuningdek, Rossiyaning sanksiyalardan qochishga urinishlari, jumladan, «qurol savdosi va noqonuniy moliyalashtirish» bilan bog‘liq bo‘lgan uchinchi davlatlarning 30 dan ortiq kompaniyalari kiritilgan. 

AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning to‘qqiz nafar vaziri yangi sanksiyalarga tushib qolgan, jumladan, energetika vaziri Nikolay Shulginov, madaniyat vaziri Olga Lyubimova, sport vaziri Oleg Matitsin, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Anton Kotyakov va favqulodda vaziyatlar vaziri Aleksandr Kurenkov. Ro‘yxatda Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Tatyana Golikova ham bor. 

Sanksiyalar ro‘yxatiga «Skolkovo» texnoparki va unga aloqador kompaniyalar, «Moskovskiy kreditnyy bank», Lanta-bank, Metallinvestbank, Ms bank, «Levoberejniy bank», «Bank Sankt-Peterburg», «Primore bank», SDM-bank, «Uralskiy bank rekonstruksii i razvitiya», Uralsib, «Zenit» bank kiritildi. 

Shuningdek, rossiyalik tadbirkor Aleksandr Udodovga aloqador 14 kompaniya ham sanksiyalar ostiga o‘tdi. AQSh Moliya vazirligi press-relizida u Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning sobiq kuyovi deb ataladi. « «Mishustinning o‘zi va singlisi bilan biznes aloqalari bo‘lgan». Udodov, shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlarini manipulyatsiya qilish va pul yuvishda ham gumon qilinmoqda. 

Shu bilan birga, Rossiya harbiy-sanoat majmuasi, aerokosmik sanoati va mikroelektronika ishlab chiqaruvchilarining qator kompaniyalariga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi. 

Bundan tashqari, 10 martdan boshlab AQSh Rossiyadan alyuminiy va alyuminiy mahsulotlari importiga 200 foizlik boj joriy etadi. 

Mavzuga oid